22:36 / 17.04.2017
17520

Dushanbeda O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda (fotojamlanma)

Bugun, 17 aprel kuni Dushanbedagi "Poytaxt-90" savdo majmuida O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazma-yarmarkasi ochildi. Unda sanoatning turli sohalaridagi 160 ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. Ko‘rgazma 20 aprelga qadar davom etadi. 

"Ushbu ko‘rgazma davlat rahbarlarining savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sarmoyalarni jalb qilish, qo‘shma korxonalarni tashkil qilish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini ko‘tarishga qaratilgan sa'y-harakatlari natijasidir", - dedi Tojikiston Respublikasining Sarmoyalar va davlat mulki bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahhorzoda Fayziddin Sattor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 aprel kuni o‘tkaziladigan Tojikiston va O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining  biznes-forumi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun qo‘shimcha platforma bo‘lishi mumkin.

U so‘nggi paytlarda respublikalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning faollashgani va bu quvonchli hol ekanini ta'kidladi. O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2015 yilga nisbatan 5,7 barobar oshgan va hozirda 69,2 million dollarni tashkil qiladi. 

"Biz bu aloqalarning kengayishidan manfaatdormiz va ularga erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz", - dedi Davlat investitsiya qo‘mitasi raisi.

O‘zbekistonning Tojikistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov ko‘rgazma o‘zbek-tojik munosabatlarida yangi bosqichini ifodalashini ta'kidladi. Ta'kidlash joizki, ko‘rgazmada ishtirok etish uchun 400 dan ziyod o‘zbekistonlik Dushanbega yetib kelgan.

 

Top