Sport | 19:25 / 17.04.2017
13096
6 daqiqa o‘qiladi

Intriga qaytgan Angliya, tarix yaratgan «Leyptsig» va uik-endning boshqa yorqin lahzalari

O‘tgan hafta uik-endida bir qator muhim voqealar kuzatildi. «Chelsi» «Manchester Yunayted» uyida mag‘lubiyatga uchrab chempionlikka intrigani qaytardi. «Nitstsa» va «Leyptsig» o‘z tarixi uchun yangi sahifalarni yozishga ulgurdi. Rossiyada esa «Spartak» ta'qibchilaridan yanada ilgarilab ketdi. Tribuna.Uz iu kabi muhim lahzalarni yodga olib o‘tadi.

Mourinocha total ustunlik va barham berilgan 5 yillik an'ana

Angliya premer-ligasining 33-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda «Manchester Yunayted» peshqadam «Chelsi»ni qabul qilib, g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba «MYu»ning so‘nggi 12 uchrashuvdagi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Jamoa «Old Trafford»da 6 yildan so‘ng «Chelsi»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Eng qiziq tomoni, «MYu» g‘alaba qozonganda ham total ustunlik evaziga raqibini tor-mor keltirdi. «Chelsi» 10 yildan buyon qayd etmagan antirekordlarini takrorlashga majbur bo‘ldi.

«Chelsi»ning ochko yo‘qotishidan «Tottenhem» unumli foydalanib qoldi. «Bornmut»ni yirik hisobda mag‘lub etgan Pochettino shogirdlari oradagi farqni 4 ochkogacha qisqartirdi. Shuningdek «Manchester Siti» va «Liverpul» ham bu turda o‘z uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlashdi.

Iroda namunasi «Real»


 

Ispaniya chempionatining 32-turida «Real» yana qahramonlik ko‘rsatib g‘alaba qozondi. Ikki marta hisobda ortda borgan jamoa baribir g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishni uddaladi

«Barselona» esa «Real Sosedad»ni qabul qilib, avvaliga ishonch bilan o‘yinni boshlagan bo‘lishiga qaramay, birinchi bo‘lim so‘nggida va ikkinchi bo‘limda katta qiyinchiliklarga duch keldi, lekin shunga qaramay «Sosedad»ni «Kamp Nou»da ketma-ket 19-marta mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi.

«Leyptsig» yozgan tarix

Bundan bor-yo‘g‘i 8 yil muqaddam tashkil etilgan, bundesliganing bu mavsumdagi debyutanti «RB Leyptsig» mavsum tugashidan besh tur oldin kelgusi mavsumda Yevropa chempionlar ligasida ishtirok etishini ta'minlab bo‘ldi

YeChLda muvaffaqiyatsizlikka uchragan «Bavariya» esa bundesligada ham ochko yo‘qotdi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan «Borussiya» va «Hoffenhaym» ham turni muvaffaqiyatli yakunladi.

Oradan 41 yil o‘tib: «Nitstsa» ertagi

Bundan 41 yil muqaddam YeChLda (u paytlari turnir nomi YeChK edi) ishtirok etgan «Nitstsa» kelgusi mavsumda yana Yevropaning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etishni kafolatlab qo‘ydi

«Monako» va «PSJ» ham muvaffaqiyatli yurishini davom ettirib chempionlik uchun kurashni davom ettirishmoqda.

«Yuventus» va boshqalar

«Yuventus» yana g‘alaba qozondi. «Yuventus» oradagi farqni yana oshirdi. «Yuventus» chempionlik sari yana bir qadam tashladi. Har haftada xuddi shu mazmundagi gaplarni aytish mumkin. Bu safar ham jamoa g‘alaba qozongan bo‘lsa, eng yaqin ta'qibchisi «Roma» kutilmaganda ochko yo‘qotdi.

Endilikda ikki jamoa o‘rtasidagi farq yana 8 ochkoni tashkil qilmoqda. «Napoli» qo‘lga kiritilgan g‘alaba evaziga «Roma» bilan farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. Italiyada esa hafta voqeasi sifatida butunlay boshqa voqeilik e'tiborda bo‘ldi.

«Inter» endilikda xitoylik tadbirkorlar qo‘liga o‘tgan «Milan»ga qarshi derbida maydonga tushdi. O‘z nomini oqlagan derbi. 97-daqiqada kiritilgan gol evaziga so‘nggi 9 uchrashuvdagi 5-durangni keltirib chiqardi.

Taxtga qaytayotgan «Spartak»

Rossiya chempionatida uzoq yillik tanaffusdan keyin «Spartak» taxtga qaytmoqda. Jamoa chempionat tugashiga 7 tur qolganida eng asosiy raqiblaridan biri «Zenit»ni mag‘lubiyatga uchratdi va piterliklarni 11 ochkoga ortda qoldirib ketdi. TsSKAning durangi esa Massimo Karrera jamoasiga yanada qo‘l keldi. Endi «Spartak» va TsSKA o‘rtasidagi farq 10 ochkoni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid