23:49 / 18.04.2017
9045

Suriya yerida yana 3 rossiyalik harbiy halok bo‘ldi

Suriyada shu yilning yanvar oyi oxiridan buyon halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 21 nafarga yetdi. Bu haqda o‘z manbalariga asoslangan holda Reuters agentligi xabar tarqatgan.

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, 29 yanvardan mart oyi oxirigacha bo‘lgan muddatda Suriya hududida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni hukumat e'lon qilgan raqamlardan 4 barobar ko‘p bo‘lgan.

Jarohat olgan rossiyalik harbiylar soni 18 nafar bo‘lganini aytgan agentlik ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtga kelib, ularning 3 nafari jon bergan. Bular — 41 yoshli Aleksey Safonov, 46 yoshli Vladimir Plyutinskiy va 27 yoshli Mixail Nefedov. Qarindoshlari ularning o‘limini tasdiqlashgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya Suriyaga kirib, IShIDga qarshi harbiy amaliyotlar boshlaganidan buyon (2015 yilning 30 sentabri) 30 nafar harbiysini yo‘qotdi. O‘tgan yilning dekabrida Halabdagi otishmalar vaqtida rossiyalik polkovnik Ruslan Galitskiy og‘ir jarohat olgan va keyinroq gospitalda jon bergandi. 2017 yilning fevralida esa 4 nafar harbiy maslahatchi mashinada ketayotganida minaga duch kelib portlab ketdi.

Shu bilan birga Britaniyaning Sky News telekanali 2016 yil avgustida "Vagner" harbiy kampaniyasida ishtirok etgan sobiq ikki jangchi bilan intervyuni e'lon qilgandi. Ular Suriyadagi harbiy harakatlar vaqtida 600 nafargacha rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqida aytishgan.

Rossiya hukumati Suriyada qancha harbiysi jarohat olgani haqida ma'lumot bermaydi.

Top