Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ahmadiynajod: «Tramp o‘z xalqiga bergan va'dasiga ters o‘laroq urush yo‘lini tanladi»
Eronning yangi muddatga saylanish uchun nomzodini ilgari surgan sobiq prezidenti bilan intervyu o‘tkazildi.
19 may kuni Eronda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar orasida — sobiq prezident Mahmud Ahmadiynajod ham bor. 2009 yilda uning ikkinchi bor to‘rt yillik muddatga saylanishi mamlakatda 1979 yildagi Islom inqilobidan keyin eng yirik norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan edi, deb yozadi Euronews.
Javod Muntaziriy, Euronews: - Men ushbu savoldan boshlamoqchiman: siz prezident bo‘lgan davrdan buyon Eronda qanday o‘zgarishlarni kuzatmoqdasiz?
Mahmud Ahmadiynajod, Eronning sobiq prezidenti: Bismillahir rohmanir rohiym. Men ushbu ko‘rsatuvning barcha shinavandalari va tomoshabinlariga, sizga va sizning hamkasblaringizga salom yo‘llayman. O‘sha vaqtdagi va hozirgisi o‘rtasiga farq juda katta. Dunyo doimo o‘zgarishda. Hech bir insonning hayotida ikkita bir xil kun bo‘lmaydi. Bu fikrni xalq, mamlakat hayotida ham qo‘llash mumkin. Lekin biz iqtisodiy yoki siyosiy tomonlama kuchliroq mamlaktaga aylandik, deya olmayman.
Yadro bitimi – 2015 haqida
J.M.: - Eronning prezidenti bo‘lib turgan vaqtlaringizda mamlakat taraqqiyotiga xalaqit berayotgan xalqaro sanksiyalar muammosiga to‘qnash kelgan edingiz. Ko‘pchilik yadro bitimi ba'zi bir sanksiyalarning olib tashlanishiga sabab bo‘lganini aytmoqda. Muammolar hal bo‘lmoqda. Siz bu bitimni qanday baholaysiz?
M.A.: - Bu Eron va bir necha mamlakat o‘rtasida tuzilgan yuridik bitim. Eronda u rasmiy organlar tomonidan ma'qullangan. Mamlakat rahbari ushbu bitimga sodiqligini tasdiqlagan. O‘z-o‘zidan, bu yuridik jihatdan qonuniy hujjat. Biroq yadro bitimi g‘oyasi ilgari surilgan ko‘plab intervyular ma'lum bir istaklarni shakllantirdi. Bitim shunday taqdim etildiki, go‘yoki u barcha ahamiyatli muammolarni hal qiladi; xuddiki BMTning barcha saksiyalari, Eronga nisbatan qo‘llanilgan bir tomonlama sanksiyalar olib tashlanadi; davlatlar o‘rtasida hamjihatlik qayta tiklanib, barcha masalalar yechiladigandek edi. Mening nazarimcha, eronliklarga taqdim etilgan axborot yolg‘on edi. Umidlarimiz chippakka chiqdi. Yangi sanksiyalar joriy etildi, eskilaridan ayrimlari esa qaytaga uzaytirildi. Bitimda uning bajarilishi yuzasidan hech qanday yuridik nazoratni nazarda tutilmagan edi.
Jahonning istalgan davlatida shunday darajadagi bitim tuziladigan bo‘lsa, odamlarga faqat haqqoniy axborotlar taqdim etilishi kerak. Ularning fikri inobatga olinmog‘i kerak. Chunki natijalar insonlarga ham daxldor bo‘ladi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) ga ko‘ra Eron o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning barchasini bajargan. Biroq bitimning ayrim a'zolari bu ishni hanuz amalga oshirishmagan. Menimcha, ular va'dasining ustidan chiqishlari kerak.
Siyosiy ishtirokka rag‘bati haqida

J.M.: - Sizni uchinchi marta nomzodingizni ilgari surish qaroringizga sabab bo‘lgan narsalar haqida so‘ramoqchiman. Bir muddat oldin Eron rahbari oyatulloh Ali Xominaiy sizga saylovlarda qatnashmaslikni maslahat bergan edi. Shundan so‘ng siz unga xat yozib, rasman prezidentlik lavozimi uchun kurashga kirishmasligingizni bildirgan edingiz. Nega kutilmaganda fikringiz o‘zgardi? Ko‘pchilik sizni shu yo‘l bilan oyatulloh Xominaiga qarshi chiqayapti, deb hisoblamoqda. Bunga nima deysiz?
M.A.: - Har qanday inson jamoatchilik hayotida ishtirok etishi kerak. Biz kimgadir shunchaki «Qatnashma», deya olmaymiz. Eron — erkin mamlakat, u yerda har kim o‘z g‘oyalari va loyihalari bilan saylovchilar ra'yi uchun kurashishga haqli. Kimdaki o‘ziga nisbatan yaxshiroq rahbarlik qila olishi borasida ishonchi, mamlakatni boshqarish rejasi bo‘lsa bir qadam olg‘a tashlashga huquqi bor. Men ham mustasno emasman. Nomzodlarni ro‘yxatga olish kunida aytib o‘tgan edim: bizning inqilobiy yetakchimiz menga buyruq bergani yo‘q, shunchaki maslahat berdi, bu esa hech qanday majburiyat yuklamaydi.
Bundan tashqari, vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. Mamlakatda ikki partiyaviylik emas, ko‘p partiyaviylik tizimi hukmron bo‘lmoqchi. Nima bo‘lganda ham, qaydga olish kunida men do‘stim va og‘am, janob Hamid Baqoiy (Ahmadiynajod vaqtida vitse-prezident)ni qullab quvvatlash uchun o‘z nomzodimni ilgari surdim.
J.M.: - Konstitutsiya soqchilari Kengashi nomzodingizni o‘tkazishadi, deb o‘ylaysizmi?
M.A.: - O‘tkazmaslik uchun sabab ko‘rmayapman. Nega o‘tkazmasliklari kerak?
Tarafdorlari va raqiblari haqida
J.M.: - Mamlakat rahbari 2009 yilgi saylovlarda sizning nomzodingizni qo‘llab-quvvatlagan edi. Aftidan, bugungi kunda siza bunday qo‘llov yo‘q. Bunga nima deysiz?
M.A.: - O‘shanda u bir meni emas, butun hukumatni qo‘llab-quvvatlagan edi. Hozirgi hukumatga ham u ishonch bildirmoqda. Uning qo‘llovisiz hukumat yadro bitimini imzolash va o‘z rejalarini ro‘yobga chiqarishga botina olmas edi.
J.M.: - Keyingi savoldim — 2009 yilgi saylovlardagi raqiblaringiz haqida. Oradan 8 yil o‘tdi, biroq ular hanuzgacha qamoqxonada qolishmoqda. Bu borada nima deya olasiz?
M.A.: - Men bu haqda gapirib bo‘lganman. Kimdir hibs ostida yoki qamoqxonada bo‘lishi menga yoqmaydi.
J.M.: - Siz bor-yo‘g‘i shu javob bilan kifoyalanmoqchimisiz?
M.A.: - Siz men nima deb o‘ylashim haqingizda so‘radingiz va men bu menga yoqmaydi, deb javob berayapman. Fikrim shu.
Korrupsiya ishlari haqida

J.M.: - Ommaviy axborot vositalari va siyosiy doiralarda siz saylovlarda sobiq vitse-prezident Hamid Baqoiyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qatnashayotganingizni iddao qilishmoqda. Ba'zilarning fikricha, siz iqtisodiy va siyosiy korrupsiya ishlari ko‘rib chiqila boshlanganida immunitetga ega bo‘lish uchun saylovda qatnashmoqchisiz. Bunday tanqidlarga nima deb javob berasiz?
M.A.: - Menga qarang, bir fikrimni butun dunyo siyosatdonlariga yetkazib qo‘ymoqchiman. Siyosat bilan shug‘ullanishingiz uchun siz rostgo‘y, ahloq va insonparvarlik qadriyatlariga tayanishingiz lozim. Boshqa prinsiplar va uslublardan foydalanib, siz o‘z imijingizni barbod qilishingiz mumkin. Tuhmat, ayblovlar va mish-mishlar tarqatish — bularning barchasi razillikdir. Mamlakat ichida qo‘poruvchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi raqiblarimiz bor. Ularning qo‘lidan boshqa ish ham kelmaydi. Ular oldin dalillar keltirilishi kerakligini inobatga olmasdan ayblov ilgari surishadi. Allohga shukr, baxtimizga hanuzgacha hech kim dalil topa olgani yo‘q. Chunki bunday dalillarning o‘zi yo‘q.
Janob Baqoiyning hayoti va tarjimai holi sinchiklab o‘rganib chiqilgan. Turli idoralardan tadqiqotchilar guruhi uning shaxsiga oid ma'lumotlarini o‘rganishgan. Birorta nojo‘ya narsa topilmagan. Biroq yolg‘on axborotni ko‘paytirib, jamoatchilikka uni haqiqat sifatida taqdim etayotganlar ham bor.
Bizga nisbatan birorta jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. Garchi istashsa, buni tashkillashtirish unchalik qiyin ish emas. Shunchaki da'vo arizasi kiritib, qayd raqamini olishsa bas. Shu ondayoq sud muhokamasi boshlanadi.
Nimalarnidir ta'kidlab yurganlar, na menga, na Hamid Baqoiyga, na bizning do‘stlarimizgna nisbatan biror narsa isbotlashdi. Ular hech qachon buni uddalasha olishmaydi ham.
Siyosiy yo‘nalishlari haqida
J.M.: - Ilgari siz ultra-konservatorlar, prinsipialistlar safida edingiz, biroq bugun...
M.A.: - Printsipialistlari kim endi?
J.M.: - O‘zini shunaqa atayotgan fraksiya...
M.A.: - Hech ham. Printsipialistlar fraksiyasi meni qo‘llab-quvvatlamaydi. Men turli siyosiy kuchlar bilan muloqotga tayyor edim. Bu ochiqligimni xalq yaxshi qabul qiladi. Biroq prinsipialist bo‘lish — bir qator prinsiplar va qadriyatlarga tayanish degani. Bu holda men aniq ayta olamanki, men insonparvarlik prinsipiga sodiqman va undan siyosiy raqobat tufayli voz kechmoqchi emasman. Bundan tashqari, maqsadim — insonlar hayoti sifati, mamlakat va jahondagi holatni yaxshilash.
J.M. - Xalq orasidagi mashhurligingizni qanday baholaysiz?
M.A.: - Odamlar bilan munosabatlarim juda yaxshi. Bunga amin bo‘lish uchun yuz qabingizga savol berishingiz kifoya. Agar siz insonlarni yaxshi ko‘rsangiz, ular ham sizni yaxshi ko‘rib qolishadi.
J.M.: - Agar sizning nomzodingizni konstitutsiya soqchilari Kengashi o‘tkazsa, odamlarning bunga munosabati qanday bo‘ladi?
M.A.: - Aminmanki, odamlar buni juda yaxshi qabul qilishadi.
Trampga murojaati haqida

J.M.: - Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylangach, siz unga xat jo‘natgansiz. Unda nima bitilgan edi va xatingizga javob oldingizmi?
M.A.: - Mister Tramp ba'zi bayonotlar bilan chiqdi, insonlarga turli narsalarni va'da qildi. Men ularni eslatdim va va'dalarini bajarish bo‘yicha maslahatlar berdim. Men buni qalb amri bilan amalga oshirdim. Barchamiz bir-birimizga majburiyatlarimizni eslatib turishimiz lozim. Bu mening insoniy burchim edi. Tramp uni qabul qiladimi-yo‘qmi, buni bajarishga majbur edim. Men shunchaki qaysi yo‘l to‘g‘ri, qaysinisi noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdim.
J.M.: - U sizga javob berdimi?
M.A.: - Men undan javob kutmayapman. Ommaviy diplomatiya eksklyuziv javobni taqozo etmaydi. G‘oya shundan iborat ediki, muayyan bir kishiga xat yozib, men butun insoniyatga murojaat qildim.
Suriyaning kelajagi haqida
J.M.: - Suriyaga Amerika raketa zarbalarini bergach, bu mamlakatda vaziyat qay tarafga qarab rivojlanadi?
M.A.: - Fikrimcha, mister Tramp o‘z xalqiga bergan va'dalariga vafo qilmasdan, urush yo‘lini tanladi. Avval ham aytganman, yana takrorlayman: bu urush Amerika Qo‘shma Shtatlarining butun dunyodagi yetakchiligiga putur yetkazadi. Bunga ko‘plab sabablar bor. Ularni tushuntirib berishim mumkin.
Eron, AQSh, Rossiya, Saudiya Arabiston, Turkiya — biz barchamiz Suriyada xavfsizlik, muloqot va tinchlik o‘rnatilishi uchun harakat qilmog‘imiz kerak. Biz Suriya xalqining irodasi nechog‘lik muhim ekanligini tushunilishiga yordam berishimiz lozim. Biz Suriya suverenitetini hurmat qilmog‘imiz va suriyaliklarning o‘z yo‘llarini tanlab olishini o‘zlariga qo‘yib berishimiz shart. Mana shu tanlovni qabul qilishimiz lozim. Eng asosiysi — Suriya xalqi. Uning manfaatlaridan ustun hech narsa yo‘q.
J.M.: - So‘nggi prezidentlik muddatingiz tugaganidan so‘ng siz bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazayapsiz?
M.A.: - Ilm o‘rganayapman, universitetda ta'lim beryapman. Ko‘plab ilmiy ishlarim shu bilan bog‘liq. O‘zim ishlab chiqqan bir yo‘nalish, shuningdek siyosat, iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar doirasida tadqiqot olib bormoqdaman. Vaqtimning katta qismini oddiy odamlar, davlat va jahon tan olgan arboblar bilan uchrashuvlarga ajrataman. Sportni, sayohatni, shunchaki vaqtni yaxshi o‘tkazishni xush ko‘raman.