Jahon | 16:15 / 22.04.2017
11066
9 daqiqa o‘qiladi

Besh mse va bir madam: Fransiya prezidentligiga nomzodlar va ularning dasturi

23 aprel kuni Fransiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida oliy lavozim uchun o‘n bir nafar nomzod kurash olib boradi, biroq ularning faqat olti nafari saylovchilarning ovozlari uchun kurashishi mumkin. Nomzodlar siyosiy rang-baranglikning qutbiy qismlarini tamsil etadi. Saylovoldi debatlari chog‘ida ularning migratsiya, Rossiya bilan aloqalar, byudjyet iqtisodi, islom terrorizmi va xalq orasida obro‘si tushib bo‘lgan sotsialist-prezident Fransua Ollandning siyosiy merosi borasidagi fikrlari bir-biridan keskin farqlandi.

Emmanuel Makron, Ollandning noshukur sobiq vaziri

Fransiya prezidentligiga nomzod, «En Marche» harakati yetakchisi Emmanuel Makron Parijda o‘z saylovoldi dasturi taqdimotida

Olland ma'muriyatining sobiq iqtisodiyot vaziri Makron saylovlarda so‘l markaz nomzodi sifatida ilgari surilmoqda (bir vaqtning o‘zida u o‘zini ham so‘lchilarga, ham o‘nglarga taalluqli hisoblaydi). Prezident bilan munosabatlarini uzgan siyosatchi uning siyosatining asosiy yo‘nalishlarini saqlab qolinishni qo‘llaydi. Fransiya uchun yangilanishlar, Makronning fikricha, kadrlar orqali ro‘y berishi kerak: o‘zining bo‘lajak hukumatida u ayni paytdagi vazirlar mahkamasidan biror kishini ko‘rmoqchi emas. Biroq, Makron o‘z dasturi orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan choralar, Olland hayotga tatbiq etayotganidan kam farqlanadi. Xuddi o‘zining sobiq rahbari singari, sobiq vazir 35 soatlik ish haftasining saqlanishini, ta'lim sohasida bandlikni oshirish, byudjyet iqtisodi va mehnat islohotlari saqlanishini istaydi. Mo‘'tadil markazchi Makron — Yevropa integratsiyasi, shuningdek, Germaniya bilan ma'qullangan Rossiyaga nisbatan qat'iy siyosat yuritishning ashaddiy tarafdori. Saylovoldi so‘rovlari Makronga 20–25 foiz ovoz va'da qilmoqda.

 

Marin Le Pen, «nolli migratsiya» nomzodi

Fransiyaning «Milliy front» siyosiy partiyasi yetakchisi, prezidentlikka nomzod Marin Le Pen Lilldagi mitingda o‘z tarafdorlari oldida chiqish qilmoqda.

Ultra-o‘ng «Milliy front» nomzodi Marin Le Pen ham saylovchilarning Makron darajasidagi qo‘llab-quvvatlanish darajasiga ega — 20–25 foiz. Le Penning dasturi — Makron taklif etayotgan narsalarning mutlaqo teskarisi. Millatchi xonimning rejasiga ko‘ra, Rossiya bilan nafaqat yaqinlashish va Fransiyada radikal islomga qarshi keskin choralar ko‘rilishi kerak, shuningdek, davlatni Yevropa ittifoqi tarkibidan chiqarib olish ham lozim. Shu yilning aprelida bo‘lib o‘tgan saylovoldi tadbirlaridan birida Le Pen o‘z ortida Yevropa bayrog‘i bo‘lmasligiga erishgan. «Milliy front» rahbari iqtisodiy dasturining so‘llarning taklifiga o‘xshash: byudjyet iqtisodiga qarshi bo‘lgan Le Pen mehnat islohotini tanqid ostiga oladi va pensiya yoshini kichraytirishga chaqiradi.

 

Fransua Fiyon, belni mahkamroq bog‘lash tarafdori

Respublikachilar partiyasidan Fransiya prezidentligiga nomzod Fransua Fiyon Parijda saylovchilar bilan uchrashmoqda.

O‘ng partiyalar va markazchilarning nomzodi hisoblanmish Fransua Fiyon millatchilardan iborat elektoratning bir qismi ovoziga ega bo‘lish uchun kurash olib bormoqda. Xuddi Le Pen singari u ham radikal imomlarning va'zlariga nuqta qo‘yish va «islom totalitarizmini yengish»ga chaqirmoqda — Fiyon tomonidan yozilgan kitob ham shunday nomlanadi. Tashqi siyosat bilan bog‘liq masalalarda u Marin Le Penning Rossiyaga oid fikrlariga qo‘shilmaydi.

Ayni paytda o‘ng va ultra-o‘ng nomzodlar o‘rtasidagi farq iqtisodiyot sohasida ro‘y bermoqda: Fiyon — byudjyet iqtisodining ashaddiy tarafdori. Makron xarajatlarni 60 milliard yevroga qisqartirishni taklif qilayotgan bo‘lsa, Fiyonda bu raqam 100 milliard yevroni tashkil etadi. Bu nomzod hokimiyat tepasiga keladigan bo‘lsa byudjyet sohasida yuz mingta o‘rin qisqartiriladi. «Belni mahkamroq bog‘lash» dasturini saylovchilarning 18–20 foizi qo‘llab-quvvatlamoqchi.

 

Jan-Lyuk Melanshon, fransuz kommunistlarining so‘nggi umidi

«Bo‘ysunmas Fransiya» harakati yetakchisi, Fransiya prezidentligiga nomzod Jan-Lyuk Melanshon Lillda saylovoldi mitingida chiqish qilmoqda.

O‘ta so‘llarning vakili Jan-Lyuk Melanshon — barcha narsada Fiyonning butunlay teskarisidir. Kommunistik partiya tomonidan qo‘llangan nomzod iqtisod qilishga emas, aksincha, ko‘proq xarajat qilishga chaqirmoqda. Melanshon hokimiyat tepasiga kelgudek bo‘lsa mehnatga eng kam haq to‘lash miqdori oshiriladi, xodimlarga yana bir hafta qo‘shimcha ta'til beriladi. Mehnat islohoti va pensiya yoshini oshirish borasidagina Melanshon Marin Le Pen bilan bahslashmagan, xolos.

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, har ikki siyosatchining halqaro muammolarga nuqtai nazari bir-biriga yaqin. O‘ta so‘l va o‘ta o‘nglar Fransiya Rossiya bilan aloqalarni tiklashi zarurligini, NATOdan uzoqlashib, Suriya urushida Vashingtonga yordam bermaslikka chaqiradi. Melanshon o‘zining saylovoldi kampaniyasi davomida Fransiyaning YeIdan chiqishi haqida ham gapirgan. Biroq millatchilar bilan haddan ziyod yaqinlashayotganligi tanqid ostiga olingan Melanshon Beshinchi respublikani Yevropa ittifoqida saqlab qolish kerakligini ta'kidlagan. Melanshon dasturini qo‘llab-quvvatlovchilar saylovchilar 17–18 foizini tashkil etmoqda.

 

Benua Amon, Kremlning prinsipial raqibi

Fransiyaning sobiq ta'lim vaziri, amaldagi sotsialistik partiyadan prezidentlikka nomzoda Benua Amon teledebat davomida.

Tizimli so‘llar nomzodi — sotsialist Benua Amon — bu saylovoldi kampaniyasida yutqazgan eng bosh nomzod hisoblanadi. Saylovoldi kampaniyasini yetakchilar guruhida boshlagan siyosatchi birinchi turga 9 foiz ishonch bilan autsayderlar safida yetib keldi. Melanshonning aksariyat g‘oyalari tarafdori bo‘lmish Amon ularni YeI bilan yaqin intergatsiyalashuv orqali amalga oshirishni va'da qilgan edi. Biroq ko‘plab saylovchilar ko‘z o‘ngida Yevropa ittiofqi obro‘sining to‘kilib borayotgani Amonning takliflari jozibasiga ham putur yetkazdi. Melanshon saylovchilarining fikrini o‘zgartirish uchun, Amon uning tashqi siyosat dasturini, Suriya urushiga munosabati va ayniqsa, Rossiya bilan yaqinlashish kerak, degan so‘zlarini tanqid ostiga olgan. Biroq Rossiyaga qarshi kartani ishlatish ham Benua Amonga muvaffaqiyat keltirmagan.

 

Nikolya Dyupon-Enyan, barchasidan hafsalasi pir bo‘lgan o‘nglar nomzodi

«Qo‘zg‘al, Fransiya» partiyasi yetakchisi Nikolya Dyupon-Enyan

Fransiya siyosatining katta oltiligini «Qo‘zg‘al, Fransiya» harakatidan nomzod Nikolya Dyupon-Enyan yakunlamoqda. O‘z qarashlari bilan Fiyonga yaqin bo‘lgan bu siyosatchi tizimli o‘nglarni o‘z va'dalariga vafo qilmayotganlikda ayblab keladi. Dyupon-Enyan Rossiya bilan yaqinlashish tarafdori va 2016 yilda Rossiyaga qo‘llanilgan sanksiyalarni bekor qilish uchun ovoz bergan. U Fransua Fiyon va Marin Le Pen o‘rtasidagi «oltin o‘rtalik»da joylashgan. Unga har ikki bosh nomzoddan hafsalasi pir bo‘lgan 4 foizga yaqin saylovchilar ishonch bildirishmoqda.

 

Hozircha tanlov aniq emas

Emmanuel Makron va Marin Le Pen saylovoldi poygalarining yaqqol yetakchilari bo‘lib ko‘rinishayotganiga qaramasdan, Fransua Fiyon va Jan-Lyuk Melanshon taslim bo‘lishga tayyor emas: har ikki siyosatchi ikkinchi turga o‘tish uchun imkoniyatlarni saqlab turishibdi. Fransiya saylovlarida intriga tobora qizimoqda, saylov oldidan terrorchilarning hujumi yuz bergani olovga yana moy quydi. Shu hafta ichida Fransiya hukumati saylov kuni Marselda terakt uyushtirishni rejalashtirayotgan islomiy guruhni fosh etgan. Nomzodlardan biri — Fransua Fiyon hujumning qurboniga aylanishi mumkin edi.

20 aprel kuni noma'lum jinoyatchilar Yelisey maydonlari — Shanz-Elizeda politsiyachilarga qarata o‘t ochgan. Hujum natijasida ikki tartib posboni o‘ldirilgan. Fransiyada terrorchilik aktlarining qaytalangani saylovning birinchi bosqichi yakunlanishi oldidan ularning kartalarini chalkashtirib yuborib, sotsiologlarni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid