13:02 / 22.04.2017
16655

OAV: Ibrahimovich jarohati tufayli faoliyatini yakunlashi mumkin

"Manchester Yunayted" klubi hujumchisi Zlatan Ibrahimovichning tizzasidan olgan jarohati uning futbolchilik faoliyatiga chek qo‘yishi mumkin. Bu haqda bir manbaga iqtibos keltirgan holda Record portali xabar bermoqda

20 aprelda "Manchester Yunayted" o‘z maydonida Yevropa ligasi chorakfinali javob uchrashuvida "Anderlext"ni qo‘shimcha vaqtda yutib, birinchi marta musobaqaning yarimfinaliga chiqa oldi. Uchrashuv "MYu" foydasiga 2:1 hisobida yakunlangan. 

Uchrashuvning 90-daqiqasida Ibrahimovich tizzasidan jarohat oldi va maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Shvetsiyalik futbolchi to‘p uchun yuqori qavatda kechgan kurashdan keyin yerga o‘ng oyog‘iga muvaffaqiyatsiz tushgan va buning natijasida uning tizzasi orqa tomonga qayrilib ketgan.

Manbaning ta'kidlashicha, 35 yoshli futbolchining tiklanishi uchun 9 oy talab qilinishi mumkin va bu uning faoliyatini yakunlashiga olib kelishi mumkin. Futbolchining ingliz klubi bilan shartnomasi shu mavsum oxirida yakunlanadi.

Ibrahimovich "MYu" safida 2016 yil yozidan beri to‘p surib kelmoqda. U turli musobaqalarda jamoa uchun 46 uchrashuv o‘tkazib, 28 ta gol muallifiga aylangan. Futbolchi klub tarkibida Angliya superkubogi va Angliya futbol ligasi kubogi sohibiga aylangan. 

Top