Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shvetsiyada 36 foiz xaridorlar IKEA’ga nafaqat mebel uchun, balki ovqatlangani borishmoqda
IKEA kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, mebellar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning Shvetsiyadagi xaridorlarining 36 foizi do‘konga nafaqat mebel jihozlari xarid qilgani, balki ovqatlangani kelar ekanlar. Ular orasida go‘shtli frikadelka taomi ayniqsa ommalashgan. IKEA’ning marketing bo‘yicha direktori Gerd Divaldning aytishicha, taom kompaniyaning "eng yaxshi divan sotuvchisiga" aylangan. Bu haqda Fast Company nashri xabar bermoqda.
Divaldning ta'kidlashicha, kompaniya bir nechta shaharlarda alohida IKEA Food restoranlarini ochishni o‘ylamoqda. Bu restoranlarda mebel sotilmaydi, unga tashrif buyuruvchilar bevosita taom tanovul qilgani kelishadi. Uning aytishicha, "biznesni qorni och mijoz bilan olib borish qiyinroqdir".
Marketologlarning fikricha, 2013 yilda IKEA restoranlari ulushiga kompaniya umumiy daromadining 1,5 mlrd dollari to‘g‘ri kelgan. Taomlar sotilishi xaridorlar arzon narxga to‘laqonli tushlik sotib olishlari mumkinligi evaziga muvaffaqiyat qozonmoqda. 2015 yilda kompaniyaning ba'zi restoranlarida tovuqdan tayyorlanadigan va vegetarianlar uchun taomlar paydo bo‘ldi.
"Biz alohida IKEA Food restoranlarini ochish haqida o‘ylamoqdamiz, biroq hozircha aniq qarorlar qabul qilmadik. Men ushbu g‘oyaning istiqboli bor, deb ishonaman. Bir necha yildan keyin mijozlarimiz "IKEA ovqatlanish uchun ajoyib joy va yana u yerda mebel sotiladi", deb aytishlariga umid qilaman", deb aytdi IKEA Food’ning boshqaruvchi direktori Maykl La Kour.
IKEA restoranlaridagi taomlarning yarmiga yaqinini an'anaviy shved taomlari tashkil qiladi. Kompaniyaning qolgan davlatlardagi restoranlarida shuningdek mahalliy va milliy oshxonaga taalluqli taomlar ham taklif qilinadi. Kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab 389 ta do‘konida har yili 650 mln porsiya taom sotiladi.
IKEA mebel va uy jihozlari ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Mavzuga oid
12:39 / 23.05.2026
Qozog‘istonda maktab bitiruv kechalarini restoran va kafelarda o‘tkazish taqiqlandi
15:24 / 22.04.2026
Tadbirkor Timur Musin Toshkentdagi “Palov muzeyi” va Caravan restoranlarini sotuvga qo‘ydi
22:40 / 22.02.2026
Onasiz maymuncha IKEA kompaniyasiga millionlab dollar foyda keltirdi
18:29 / 16.10.2025