Jahon | 22:40 / 22.02.2026
1778
2 daqiqa o‘qiladi

Onasiz maymuncha IKEA kompaniyasiga millionlab dollar foyda keltirdi

Xabar qilinishicha, Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreyadagi do‘konlarda orangutan o‘yinchog‘idan birorta ham qolmagan. IKEA kompaniyasi vakillari xaridorlarni sabr qilishga chaqirmoqda. 

Foto: Reuters

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Yaponiyaning Itikava shahridagi hayvonot bog‘ida onasi tashlab ketgan Panch laqabli olti oylik makaka onasi o‘rniga yumshoq o‘yinchoqni ona qilib olgani tasvirlangan video tarqalgandi

Uni hayvonot bog‘i xodimlari parvarishlashgan, keyinroq u boshqa maymunlar yashaydigan volerga o‘tkazilgan, ammo to‘da uni qabul qilmagan. 

Shundan keyin xodimlar unga IKEA tomonidan ishlab chiqarilgan orangutan shaklidagi yumshoq o‘yinchoqni sovg‘a qilishgan va Panch uni hamma joyda o‘zi bilan olib yura boshlagan.

Ushbu video fonida AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiyada Shvetsiya kompaniyasi ishlab chiqargan maymun ko‘rinishidagi yumshoq o‘yinchoq savdosi avj oldi. 

The Washington Post gazetasining yozishicha, do‘konlarda ushbu o‘yinchoqdan birorta ham qolmagan. IKEA kompaniyasi vakillari Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreyadagi xaridorlarni sabr qilishga chaqirdi va tez vaqt ichida bu o‘yinchoq yetkazilishiga va’da berdi. 

“Bu o‘yinchoq anchadan buyon eng ko‘p sotiladigan o‘yinchoqlardan edi, Yaponiyadagi voqea esa uni yanada ko‘proq sotib olishlariga turtki bo‘ldi”, deya izoh berdi Ingka Group menejeri Xaviyer Kiniones.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid