Jamiyat | 11:52 / 24.04.2017
32718
7 daqiqa o‘qiladi

"Farhod dehqon bozori”da nima gaplar: tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masala

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar, soliq sohasidagi imtiyozlar bu sohada faoliyat yuritish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Mamlakat yalpi milliy mahsuloti tarkibida kichik va o‘rta biznes sub'yektlari hamda xususiy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlar ulushi ortib bormoqda.

Shunga qaramay, ushbu sohada salbiy holatlar ham uchrab turibdi. Ya'ni, masalan, xukumatning tadbirkorlar uchun borgan sari qulay sharoit va imtiyozlar yaratib berishiga qaramasdan, ayrim joylarda tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyat yuritishiga bevosita to‘sqinlik qilish holatlari uchrab turibdi. Achinarlisi, bunday vaziyatlar mahalliy mutasaddi organlar tomonidan amalga oshirilayotgani, tadbirkorlik sub'yektlarining murojaatalari esa e'tiborsiz qoldirayotganligi kishi ko‘nglini g‘ash qiladi.

Kun.uz  tahiriyatiga yo‘llangan murojaatlarning birida quyidagi masala ko‘tarilgan. Toshkent shahrida joylashgan “Farhod dehqon bozori” yonidagi “Farhod yarmarkasi” do‘konlarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar duch kelayotgan qiyinchiliklar-u, sarson-sargardonliklarni keltirish mumkin.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan bog‘liq muammo 2011 yilda Uchtepa tuman hokimining 21.06.2011 yildagi 283-sonli qarori chiqishi bilan boshlandi. Bu qaror esa, o‘z navbatida, Toshkent shahar hokiming 11.04.2011 yildagi 202-sonli qarori asosida chiqarilgan bo‘lib, unda shu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar – do‘konlarni buzish hisobiga yangi zamonaviy binolar qurishga ruxsat etilgan. Amalda esa, buzib, yangi binolar qurish to‘liq shu tadbirkorlarning zimmasiga yuklatilgan.

Bundan tashqari, yangi quriladigan binolar maydoni bir yarim baravar qisqartirilib, bo‘shagan maydon avtoulovlar to‘xtash joyiga berilgan. Sababi, yangi quriladigan binolar ikki qavatli bo‘lishi aytilgan.

Buzish-qurilish ishlari qisqa muddatlar ichida bajarilishi kerakligi talabi qo‘yilgan, natijada loyiha zaruriy puxtalik bilan tuzilmagan. Bundan tashqari, tuman hokimiyati tomonidan tavsiya qilingan pudratchi tashkilot rahbariyati ishlarni poydevor quyishdan u yog‘iga o‘tmagan. Natijada o‘zlashtirib yuborilgan mablag‘lar bo‘yicha pudratchi tashkilot rahbariyatiga jinoiy ish qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilgan.

Tadbirkorlarning aytishiga ko‘ra, ular qo‘shimcha xarajat qilib bo‘lsa ham, binolar qurilishini birgalashib nihoyasiga yetkazishgan. Lekin savdo-sotiq ha deganda ham yurishib ketmagan. “Eski ijarachilar shuncha vaqt poylamaydi, ular ham tijoratini yurgazishi kerak – tarqab ketishdi. Yangi ijarachilar sekin-sekin kela boshladi. Ba'zi do‘kon egalari bevosita o‘zi tijorat faoliyatini yurgaza boshladi.  Lekin endi katta ko‘cha tomonidan panjaralar bilan to‘silgan do‘konlarga avtomobilda kelish noqulaylik tug‘dirgani uchun, bu ham savdoni yurishib ketishiga ma'lum darajada to‘sqinlik qildi”, deyiladi ushbu tadbirkorlar tomonidan berilgan ma'lumotda. 

Shunga qaramay, 1-2 yil o‘tgach, xaridorlar oqimi yana asta-sekin jonlandi, ish sekinlik bilan yurisha boshladi. Tadbirkorlarda qilgan xarajatlari qoplanishiga umid uyg‘ondi. Xayriyatki, do‘konlarning orqa tomonida avtoulovlar uchun ajratilgan to‘xtash joyi ozgina bo‘lsada haydovchilar uchun qulaylik yaratdi, deyish mumkin. Ammo bu yerda ham o‘ziga yarasha muammo tug‘ildi. To‘xtash joyi qurilgandan keyin, unda “Farhod dehqon bozori”dan “tijoratchilar” chiqib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilishni boshlashdi. To‘xtash joyining aksar qismi meva-sabzavot savdo maydoniga aylanib ketdi. Bundan tashqari, nariroqda joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bozoridan chiqqan mijozlarga avtomibillarga mayda xizmat ko‘rsatish, sotib olingan ehtiyot qismlarni shu yerning o‘zida, avtoto‘xtash maydonida o‘rnatib beruvchi “usta”larning ham faoliyati rivojlanib ketdi. Shularning natijasida ushbu maydonda avtomobillar to‘xtab turishi uchun deyarli shart-sharoit qolmadi.

Bu holatga ham do‘konlar egalari sabr qildi. Ammo 2016 yilda “Farhod dehqon bozori” ma'muriyati avtoulovlar uchun ajratilgan maydonni panjara bilan o‘rab olib, to‘sib qo‘ygach, ancha jonlanib qolgan savdoga putur yetdi – yangi qurilgan zamonaviy do‘konlar yana unda-munda kirib qolgan bir-ikki xaridorga qarab, mo‘ltirab qoldi.

Tushkunlikka tushgan tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilishga qaror qilib, 2017 yil fevral oyida virtual qabulxonaga ariza yo‘llashdi va yangi qurilgan do‘konlarning old tomonidagi panjaralarni olib tashlab, “Farhod” ko‘chasi tomonidan do‘konlarning oldida avtoulovlar to‘xtash joyi tashkil qilishga ruxsat berishni so‘rashdi va ushbu ishlarni amalga oshirish bo‘yicha barcha xarajatlarni o‘z bo‘yinlariga olishni bildirishdi. Ma'lum vaqt o‘tgach, ariza holati “Toshkent shahar xokimligida ko‘rib chiqilmoqda”ga o‘zgardi. Hozirgi kungacha ushbu ariza yuzasidan hech qanday ish amalga oshirilmagani aytilmoqda.

Toshkent shahar hokimiyatidan hech qanday javob bo‘lmagach, 2017 yilning mart oyida tadbirkorlar yuqoridagi mazmundagi arizani bevosita Toshkent shahar hokimiga yo‘llashdi. Ammo ularga bu masala yuzasidan hech qanday javob berilmagan.

“130 dan ortiq tadbirkorning ishi orqaga tortilib yotibdi. Endi qayerga murojaat qilsin bu tadbirkorlar – bu ham bir muammo”, deyiladi maktub mazmunida.

Joylarda to‘planib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etib kelinmoqda. Bu ishlar mamlakatning har sohasida yaqqol ko‘zga tashlanib bormoqda. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy bo‘hronlardan chiqib ketishning eng yaxshi usuli tadbirkorlar va kichik ishlab chiqaruvchi sub'yektlarga e'tibor qaratish va ularni qo‘llab-quvvatlashda aks etadi. O‘ylaymizki, yuqoridagi holat yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid