19:45 / 25.04.2017
12599

Harom yo‘llar bilan boylik orttirmoqchi bo‘lgan kimsalar faoliyatiga chek qo‘yildi

Azaldan xalqimiz halollikni ulug‘lab, o‘g‘rilik, qo‘li egrilikni qoralagan. Egasidan so‘roqsiz hech bir narsaga hatto qo‘l tekkizishga botinmagan. Lekin oramizda shunday insonlar borki, ular o‘zganing haqiga xiyonat qilishdan tap tortmaydi. 

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, Angren shahar, Krasnogorsk qo‘rg‘oni, Politayev ko‘chasida yashovchi, uy bekasi, 1985 yilda tug‘ilgan A.Ivanova (ismlari o‘zgartirilgan) ariza bilan murojaat qilib, noma'lum shaxs kalit tanlash yo‘li bilan uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, bahosi 260.000 so‘m bo‘lgan «NOKIA-X-980» rusumli uyali aloqa telefonini o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov tezkor harakatlari davomida ushbu jinoyatni, Angren shahar, Krasnogorsk qo‘rg‘onida yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1985 yilda tug‘ilgan, D.Jamilov sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yana shunday holatlar borki, xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan oziq-ovqatlar do‘konlari qo‘li egri shaxslarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishoniga aylanadi. Mahalladoshining, hamshaharining, yurtdoshining noniga qo‘l cho‘zadi.

Bekobod shahrida noma'lum shaxs, hech kim yo‘qligidan foydalanib, deraza panjarasini qulfini buzish yo‘li bilan Bekobod tumanida yashovchi, xususiy tadbirkor, 1997 yilda tug‘ilgan Aziza Qobulovaga tegishli Bekobod shahrida joylashgan oziq-ovqat do‘koni ichkarisiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, do‘kondan umumiy bahosi 722.500 so‘m bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini yashirin ravishda o‘g‘irlagan. 

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Bekobod shahrida yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1999 yilda tug‘ilgan, Alisher Shokirov, ukalari 2004 yilda tug‘ilgan, Azimjon Shokirov va 2003 yilda tug‘ilgan Jonibek Shokirovlar sodir etganliklari aniqlanib, ushlandilar.

Shuningdek, Zangiota tumanida yashovchi, uy bekasi, 1971 yilda tug‘ilgan Sohiba Nodirovaning ma'lum qilishicha, noma'lum shaxs hech kim yo‘qligidan foydalanib, eshik qulfini buzish yo‘li bilan unga tegishli bo‘lgan xususiy do‘konga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, umumiy bahosi  taxminan 4.000.000 so‘m bo‘lgan 1 ta elektr pechkasi, 1 ta NKM apparati, 1 ta mikroto‘lqinli pechi va oziq-ovqat mahsulotlarini yashirin ravishda  o‘g‘irlab jinoyat sodir etgan joyidan yashiringan.

Ichki ishlar organlari xodimlarining sa'y-harakatlari natijasida ushbu jinoyatni shu tumanda yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1989 yilda tug‘ilgan, Narimon Sodiqov sodir etganligi aniqlandi. Endilikda Narimon Sodiqov qilgan qilmishiga yarasha jazoga tortiladi. 

Olmaliq shahrida yashovchi, tadbirkor, 1974 yilda tug‘ilgan, Roxila Usmonova ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida noma'lum shaxs, hech kim yo‘qligidan foydalanib, eshik qulfini buzish yo‘li bilan kirib, unga tegishli Olmaliq shahrida joylashgan oziq-ovqat do‘konidan umumiy bahosi  taxminan 2.194.700 so‘m bo‘lgan 10 dona “Toptava” nomli kolbasa maxsulotlari, 15 blok “Tviks”, “Mars”, “Baunti” va “Maks” nomli shokolad maxsulotlari, 8 blok “Kent”, “Pall-Mall”, “Vinston” sigaret maxsulotlari va boshqa oziq-ovqat maxsulotlarini yashirin ravishda o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Olmaliq shahrida yashovchi, vaqtincha ishsiz, 1990 yilda tug‘ilgan Alimardon Xalilov, 1992 yilda tug‘ilgan Ergash O‘rozboyev va 1996 yilda tug‘ilgan Musurmon Xalikulovlar sodir etganliklari aniqlandi. 

Shu tariqa harom yo‘llar bilan boylik orttirmoqchi bo‘lgan kimsalarning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Top