Jahon | 22:38 / 26.04.2017
27115
2 daqiqa o‘qiladi

Chernobilda radiatsiya bilan zararlangan barcha texnika yo‘qolib qoldi

Foto: mfa.gov.ua

Chernobil AESdagi avariya vaqtida qo‘llangan barcha texnika AES atrofida tashkil etilgan xavfli hududdan yo‘qolib qoldi. 

AESda portlash yuz bergandan keyin 100 mingga yaqin harbiy va fuqarolik texnikasi falokat oqibatlarini bartaraf etishda qo‘llangan. Texnika radiatsiyaning falokatli dozalari bilan zararlangani sababli, uni xavfli hududda qoldirishga qaror qilingan. Biroq sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga ko‘ra, 30 yildan keyin texnika tashlab ketilgan joy bo‘shab qolgan.

Bu orada stalkerlardan (xavfli hududlarni qidirish va o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi shaxs) biri marodyorlar xavfli hududda tashlab ketilgan kvartiralardan isitish batareyalarini kesib olib, ularni olib chiqib ketishayotganini yashirin kameraga olgan.

Shuningdek, hududdagi bir necha gektar o‘rmon ham chopib olingan. Stalkerlarning aytishicha, o‘rmon bir necha oygina oldin chopib olingan. Bu hududdan olib chiqib ketilgan metall va yog‘och qayta ishlanib, ishlab chiqarishda qo‘llanishi mumkin. Hech narsadan xabari yo‘q odamlar esa ulkan dozadagi radiatsiya bilan zararlangan mahsulotlarni xarid qilishlari mumkin.
 
Eslatib o‘tamiz, roppa-rosa 31 yil avval, 1986 yil 26 aprelda AESning 4-blokida turbogenerator sinovdan o‘tkazilishi vaqtida portlash yuz berib, yong‘in chiqqan. Avariyadan keyin AES atrofida 30 km lik xavfli hudud tashkil etilgan va bugungi kunda bu hududdagi radiatsiya miqdori mumkin bo‘lgan me'yordan ming chandon ko‘proqni tashkil qiladi.

Mavzuga oid