Jamiyat | 10:28 / 28.04.2017
24334
13 daqiqa o‘qiladi

Adog‘i yo‘q savollar yoxud adolatsizlikka uchragan fermer

Mamlakatimiz istiqlolga erishgandan so‘ng sudlarning mustaqilligini ta'minlash, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiluvchi organga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Biroq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Kons­titutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida sud-huquq sohasida qator muammolarga e'tibor qaratib, sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora bo‘lib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba ko‘rib turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti kelganini alohida ta'kidlagan edi. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi «Hayrondara umidi» fermer xo‘jaligi rahbari Fulomjon Qahhorov ana shunday sansalorlik qurboni bo‘lmoqda.

Ushbu voqea aks etgan Abdulla Sobirqulovning maqolasi "Jamiyat" gazetasida e'lon qilindi. 

Qog‘ozda boru amalda yo‘q!

Uning qo‘lida Oltinsoy tumani hokimining 2016 yil 27 iyuldagi 1633-sonli qarori bor. Qarorda «Vaxshivor» QFY hududidagi tuman zaxira yer fondidan «Hayrondara umidi» fermer xo‘jaligiga 4,5 gektar yer maydonini (shundan 3,9 gektari uzumzor, 0,60 gektari boshqa maydon) 30 yil muddatga ijaraga ajratib berish belgilangan.

Mazkur hujjatga asosan Oltinsoy tumani yer resurslari va davlat kadas­t­ri bo‘limi 2016 yilning 31 iyulida 27-ijara shartnomasini ro‘yxatga olgan. Shundan so‘ng fermer «Yagona darcha» orqali hokimning qarorida ko‘rsatilgan davlat tashkilotlarida belgilangan vaqt­da ro‘yxatdan o‘tib, fermer xo‘jaligi nomiga muhr va shtamp oladi. Fermer katta orzu-umidlar bilan ish boshlayotgan, hammasi risoladagidek ketayotgan edi. Biroq u o‘ziga tegishli yer maydoniga hatto kira olmayapti. Nega?

Muammo nimadan boshlangan edi?

Gap shundaki, F.Qahhorov Oltinsoy tumani hokimligiga yer ajratishni so‘rab ariza beradi. Biroq arizasi ko‘rib chiqilmaydi, so‘rovi qanoatlantirilmaydi. U mazkur holat yuzasidan respublika tashkilotlariga bir necha marotaba arz qiladi. Hartugul, prokuratura organlari tomonidan murojaati nazoratga olinadi.

Shundan so‘ng 2016 yil 16 mayda Xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining tumandagi bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi 19/1-sonli qarori chiqadi. Unga ko‘ra Oltinsoy tumani «Vaxshivor» QFY hududidagi «Sayrak adir» fermer xo‘jaligi tasarrufidan davlat zaxirasiga chiqarilgan 193-konturda 83-loyihada belgilangan 4,5 gektar yerni (3,9 gektari uzumzor, 0,60 gektari boshqa maydon) ajratish uchun o‘tkaziladigan tenderga nomzod sifatida ro‘yxatga olinadi.

Tenderdagi «o‘yin»lar

Xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining yuqoridagi qarori bilan «Vaxshivor» QFY hududidagi 193-konturda 83-loyihada belgilangan 4,5 gektar yer maydoniga ikki kishi nomzod sifatida ro‘yxatga olingan edi. Biri Fulomjon Qahhorov bo‘lsa, ikkinchisi Nurulla Qosimov.

F.Qahhorov 2016 yili 9 iyulda tender tanloviga kirsa, raqibi bitta emas, ikkita bo‘lib qoladi. Tasarrufida 5 gektar yeri bo‘lgan Rauf Kamolov xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining qarorini buzgan holda tenderda qatnashadi. Tabiiyki, F.Qahhorov adolat talab qiladi. Shundan so‘ng tender komissiyasi R.Kamolovni kengash qarorini buzgani va tasarrufida 5 gektar uzumzori borligi uchun tenderdan chiqarib yuboradi. Oliy ma'lumotli bo‘lgani, sohada yetarlicha tajribaga egaligi uchun tanlov yakunlariga ko‘ra F.Qahhorov g‘olib chiqadi. Shundan so‘ng tenderga qo‘yilgan 4,5 gektar yer unga 30 yil muddatga ijaraga berilishi to‘g‘risida tuman hokimi qarori chiqadi. Muammo hal bo‘libdi-ku, deb o‘ylasangiz adashasiz. Fermerning haqiqiy ovoragarchiligi shundan keyin boshlandi.

Birinchi sud majlisi

Yuqorida F.Qahhorov tenderda yutib olgan 4,5 gektar yer «Sayrak adir» fermer xo‘jaligi tasarrufidan davlat zaxirasiga chiqarilganini aytib o‘tgan edik. Yerni boy berishni istamagan «Sayrak adir» fermer xo‘jaligi raisi Narzulla Qosimov tug‘ishgan ukasi Nurulla Qosimovni tenderga nomzod sifatida kiritishga erishgan edi. Biroq rejasi ish bermay, «uloq» boshqada ketgach, u boshqa yo‘lni tanladi: zo‘ravonlik yo‘liga o‘tdi. F.Qahhorovga ajratilgan yerni bo‘shatib berish o‘rniga uning o‘zini quvib soldi.

Vaziyat F.Qahhorovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga yuborgan shikoyatiga asosan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, tadbirkorlik fao­liyatiga to‘sqinlik qilgani uchun N.Qosimovga ma'muriy jazo qo‘llangan. Viloyat xo‘jalik sudi 2016 yil 17 noyabr­da bu masalani ko‘rib chiqib, hal qiluv qarori chiqargan. Sud hujjatiga muvofiq Oltinsoy tumani hokimining 2016 yil 27 iyuldagi 1633-sonli qarori qonuniy deb topilib, uning ijrosiga to‘sqinlik qilgani uchun N.Qosimov ma'muriy javobgarlikka tortiladi.

Ikkinchi sud majlisi

2016 yilning 9 noyabrida fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tumanlararo sudiga Oltinsoy tumani hokimining 2016 yil 27 iyuldagi 1633-sonli qarorini, tender komissiyasining 2016 yil 9 iyuldagi 3-sonli yig‘ilish bayonini haqiqiy emas deb topish haqida da'vo arizasi kelib tushadi. Ajablanarlisi shundaki, da'vogar tender tanlovida omadi chopmagan N.Qosimov emas, balki tender komissiyasi tomonidan tanlovdan chetlashtirilgan R.Kamolov edi.

Sud da'vogarning foydasiga sirtdan hukm chiqarib yuboradi. Eng qizig‘i, javobgar F.Qahhorov bundan bexabar. Shu bilan birga, sud majlisiga raislik qilgan O.Berdiyev sudda F.Qahhorovning huquqlarini himoya qilgan Oltinsoy tumani hokimligi huquqshunosi tomonidan taqdim etilgan dalil-isbotlarni inobatga olmaydi, da'vogar R.Kamolov tender tanlovi nomzodlari ro‘yxatida bo‘lmaganiga ham e'tibor qaratmaydi.

Uchinchi sud majlisi

Tabiiyki, F.Qahhorov fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tumanlararo sudining ushbu qaroridan norozi bo‘ladi va unga protest keltirishni so‘rab viloyat prokuraturasiga murojaat qiladi. Shundan so‘ng prokuratura xodimlari ishni o‘rganib chiqadi. Natijada ish qayta ko‘rib chiqiladi. 2017 yilning 25 yanvarida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudya O.Berdiyev 2016 yilning 9 noyabrida o‘zi chiqargan hal qiluv qarorini bekor qiladi va ishni mazmunan ko‘rish uchun qayta tiklaydi.

Sud nega o‘z qarorini bekor qildi?

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tumanlar­aro sudi nega o‘z qarorini bekor qildi? Agar sudya haq bo‘lganida o‘z so‘zida qat'iy turishi kerak emasmidi? Gap shundaki, sudning avvalgi qarorida bir qancha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksi (FPK)ning 224-moddasiga ko‘ra, javobgar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingandan so‘ng sud majlisiga kelmagan taqdirdagina ish sirtdan ko‘rilishi mumkin. Qonunga binoan javobgar tegishli tartibda xabardor qilinganligi haqida ishda ma'lumot bo‘lishi lozim. Biroq F.Qahhorovga sud tomonidan yuborilgan chaqiruv xatlari unga yetib kelmagan.

Shu bilan birga, FPKning 228-moddasiga ko‘ra, sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorining nusxasi sud majlisiga kelmagan tarafga shu qaror chiqarilgan kundan e'tiboran besh kundan kechiktirmay imzo qo‘ydirib topshirilishi yoki pochta orqali yoxud axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi kerak edi. Biroq qonunning bu talabi ham bajarilmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud o‘z qarorini bekor qiladi.

To‘rtinchi sud majlisi

2017 yilning 7 aprel kuni mazkur nizo to‘rtinchi marotaba sudda ko‘rildi. Bu safar ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudiga oshirildi. Sudya A.Berdiyev raisligida o‘tgan sud majlisi avvalgilaridan-da ajabtovurroq bo‘ldi.

R.Kamolovning sudda aytishicha, 2016 yil 9 iyulda bo‘lib o‘tgan tender tanlovida F.Qahhorov emas, u g‘olib deb topilgan. Tanlovda u 48, raqibi esa 42 ball olgan. Tabiiyki, F.Qahhorov bu da'voni rad etadi va sudga biz yuqorida tasvirlagan — aslida bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beradi. Sud taraflarning tushuntirishlarini tinglab, R.Kamolov taqdim etilgan hujjatlarga asoslanib da'vogarning foydasiga Oltinsoy tumani hokimining 2016 yil 27 iyuldagi 1633-sonli qarori hamda Oltinsoy tumani hokimligi yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasining 2016 yil 9 iyuldagi 3-sonli yig‘ilish bayonini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqaradi.

Javobi yo‘q savollar…

Shu yerga kelganda adoqsiz savollar quyilib keladi: R.Kamolov 2016 yili 9 iyulda o‘tkazilgan tender tanlovida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etgan bo‘lsa, nega tender komissiyasi uni xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashi qarorini buzgani va tasarrufida 5 gektar uzumzori borligi uchun tanlovdan chetlatgan? Tender komissiyasining yig‘ilish bayoni soxtalashtirilgan bo‘lsa, nega tuman hokimining qarori chiqarilishidan oldin bu holat o‘rganilmagan, huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmagan? Viloyat xo‘jalik sudi tomonidan Oltinsoy tumani hokimining 2016 yil 27 iyuldagi 1633-sonli qarori qonuniy deb topilib, uning ijrosiga to‘sqinlik qilgani uchun N.Qosimov ma'muriy javobgarlikka tortilganda R.Kamolov qayerda edi? Qo‘lida hujjatlar bilan vaziyatga tezda oydinlik kiritib qo‘ysa bo‘lmasmidi?!

Gap shundaki, tender tanloviga qo‘yilgan 4,5 gektar yer «Sayrak adir» fermer xo‘jaligi tasarrufidan davlat zaxirasiga chiqarilgan edi. R.Kamolov «Sayrak adir» fermer xo‘jaligi raisi N.Qosimovning bojasi, Oltinsoy tuman fermerlar kengashi raisi Ahmad Majidovning qudasi. R.Kamolov to‘rtinchi sud majlisida taqdim etgan, go‘yoki uning tender tanlovida g‘olib bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatga ham Oltinsoy tuman fermerlar kengashi raisi A.Majidov, ya'ni qudasi hamda Oltinsoy tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i B.Bobolov imzo qo‘ygan. Bu esa mazkur hujjatning haqiqiyligi haqida shubha uyg‘otadi. Axir tuman hokimining qarori asosida «Hayrondara umidi» fermer xo‘jaligiga 4,5 gektar yerni o‘ttiz yilga ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomani tuman yer resurs­lari va davlat kadastri ro‘yxatga olgan edi-ku. Nega endi mazkur idora rahbari bir-birini inkor etadigan ikki hujjatga imzo qo‘ygan? R.Kamolov da'vo qilganidek, F.Qahhorov hujjatlarni soxtalashtirgan bo‘lsa, nega uning o‘zi bunday gumondan xoli bo‘lishi kerak?!

Kim haq?

Yuqoridagilar bilan kimnidir haq yoki nohaqqa chiqarishdan yiroqmiz. Shunchaki, bo‘lib o‘tgan voqealar, mavjud hujjatlarni o‘rganish jarayonida tug‘ilgan mulohazalarimizni bildirdik, xolos. Istagimiz, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, sudlarda ishlarni ko‘rish sifati oshsin, ovoragarchiliklarning oldi olinsin, bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba ko‘rib, turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qo‘yilsin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid