09:58 / 29.04.2017
9513

Toshkentda yilning birinchi choragida sog‘liqni saqlash tizimidagi 17 nafar rahbar ishdan olindi

2017 yil 27 aprel kuni Toshkent shahar faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmanov olib bordi.

Yig‘ilishda yilning birinchi chorak yakunlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,9 foizga,sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 111,0 foizga, iste'mol mollari ishlab chiqarish 106,8 foizga, asosiy kapital investitsiyalar 115,6 foizga, pudrat-qurilish ishlari 109,8 foizga, chakana savdo aylanmasi 110,6 foizga, xizmatlar 113,3 foizga o‘sishi ta'minlanganligi ta'kidlandi. 

Shuningdek, 2 944 ta yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etilib, ularning soni 49 582 taga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 60,8 foizni, sanoatdagi ulushi 67,4 foizni, xizmatdagi ulushi 61,6 foizni, aholi bandligida gi ulushi 56,1 foizni tashkil etdi.

Bandlik dasturiga asosan joriy yil birinchi choragida

13 297 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, shundan 6 285 tasi kichik biznes sub'yektlarida yaratilgan. Shu bilan bir qatorda, 2017 yil birinchi chorakda asosiy sanoat korxonalarining ishlab chiqarish sur'atlarini oshirishga yo‘naltirilgan choralarga qaramasdan, ishlab chiqarish hajmlarini pasaytirgan korxonalar soni 12 tani tashkil etgan.

Bu o‘rinda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Uzkabel” AJ, “BF Tekstil Prodakshn” MChJ, Mirobod tumanidagi “O‘zelektroapparat-elektroshchit” AJ, “Xuavey tek. Investment Tashkent” MChJ, Olmazor tumanidagi “Oniks” AJ, Uchtepa tumanidagi “Elektroizolit” MChJ, Shayxontohur tumanidagi “O‘zbekiston nashriyot matbaa ijodiy uyi” DUK, Yunusobod tumanidagi “O‘zbekenergota'mir” AJ, “Zenit elektroniks Tashkent radiotexnika zavodi” MChJ, “Raupxon” MChJ, Yashnobod tumanidagi “Uzkarlsberg” MChJ  kabi korxonalar qayd etildi.

Mahalliylashtirish dasturiga shaharning 83 ta hududiy korxonasi 190 ta loyiha bilan jalb etilgan. Hisobot davrida hududiy korxonalar tomonidan 221,2 mlrd.so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

“2016-2018 yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” doirasida olib borilgan ishlar natijasida 2017 yilda 2088 ta loyiha ishga tushirish belgilangan bo‘lib, 29042 ta ish o‘rni tashkil etish va jami 263,7 mln dollarlik investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu Dastur doirasida birinchi chorakda 377 ta loyihani ishga tushirish belgilanganligi, amalda esa  472 ta loyiha ishga tushirilib, 5436 ta qo‘shimcha ish o‘rini tashkil etilgan.

Shaharda 313 ta maktab, 443 ta bog‘cha 119 ta kollej va litseylar, 38 ta oliy o‘quv yurti ,jami 913 ta ta'lim muassasasi hamda 150 ta tibbiyot muassasasi mavjud.

Yig‘ilishda ta'lim muassasalarida davomat hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi muhim ekanligi ta'kidlandi.

Ishchi guruh tomonidan mart oyida 102 ta ta'lim muassasasi o‘rganilganda 728 nafar maktab, 652 nafar kollej va litsey o‘quvchisi surunkali sababsiz dars qoldirganligi aniqlangan. Bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning 10 mart kuni davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan Qo‘shma qaror qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi rahbarlarning 17 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, ularning o‘rni yuqori malakali, halol, pok, vijdonli, mas'uliyatli xodimlar bilan to‘ldirildi, 22 nafari rotatsiya qilindi.

Tizimdagi o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, tibbiyot muassasalariga ajratilayotgan dori vositalari kamligi ma'lum bo‘ldi. Bu muammoni hal qilish uchun shifoxonalarga dori-darmon va bog‘lov vositalari xarid qilishga ajratilayotgan mablag‘lar ikki barobar, ayrimlarida esa uch barobarga mahalliy byudjyet hisobidan ko‘paytirildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida 1 500 dan ortiq bo‘sh vakant o‘rni aniqlandi. Hozirda 380 nafar kollej bitiruvchisi bilan to‘rt tomonlama, 143 nafar oliy ma'lumotli shifokorlar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzildi. Mahallalar tomonidan yuborilgan 163 nafar fuqaroning 140 nafari ishga qabul qilingan.

Mavjud 60 ta oilaviy poliklinikalariga aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun 120 dona “Damas” rusumli avtotransport vositasini berish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotgani bildirildi.

Shuningdek, 2017 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan obektlarni qurish, modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish yuzasidan buyurtmachilar va qurilish tashkilotlari o‘rtasida pudrat shartnomalari tuzishning holati, uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati samaradorligini oshirish, ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi hamda obodonlashtirish tadbirlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tabiiy gaz, elektr va boshqa kommunal sohalardagi mavjud kreditorlik va debitorlik qarzlarni tugatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, korxonalarning barqaror moliyaviy ahvolini ta'minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tez va shoshilinch tibbiy yordamning sifatini oshirish, aholini maqbul narxlardagi dori vositalari bilan ta'minlash hamda ta'lim muassasalari faoliyatidagi mavjud kamchiliklar tahlil qilindi.

Fuqarolar tomonidan berilgan ariza va murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda tumanlar va boshqarmalarda ijro intizomini yanada mustahkamlash choralari ko‘rildi.

Top