Jahon | 09:11 / 01.05.2017
4202
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon va Turkiya qo‘shma harbiy-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Foto: AFP 2017 / Stringer

1 may kuni Ozarboyjon va Turkiya qurolli kuchlarining qo‘shma harbiy-taktik mashg‘ulotlari boshlanadi. Bu mashg‘ulotlar davomida artilleriya qurilmalari, zirhli texnika, minomyotlar, jangovar va transport vertolyotlari qo‘llanadi. Mashg‘ulotlarda, shuningdek, havo hujumiga qarshi mudofaa va zenit-raketa bo‘linmalari ishtirok etadi.

"Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik haqidagi kelishuvga ko‘ra, 1-5 may kunlari ikki davlat qurolli kuchlarining jangovar otishmalar bilan kechadigan qo‘shma taktik mashg‘ulotlari o‘tkaziladi", deb ma'lum qildi Ozarboyjon mudofaa vazirligida.

Ma'lum qilinishicha, mashg‘ulotlardan maqsad Ozarboyjon va Turkiya qurolli kuchlari o‘rtasida tajriba almashish bilan koordinatsiyani yaxshilash, shtblarning birgalikda rejalashtirishi yordamida harbiy bo‘linmalarning birgalikda harakat qilishiga erishish, bo‘linmalarning operatsiyalarga tayyorgarligi va ularni o‘tkazishga qodirligini oshirishdan iborat.

Ma'lum qilinishicha, 4-14 iyun kunlari Gruziyada Ozarboyjon, Turkiya va Gruziya qurolli kuchlarining birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. 

Gruziya mudofaa vazirligida ta'kidlanishicha, uch tomonlama hamkorlik shaklidagi mashg‘ulotlar uchinchi marotaba o‘tkaziladi, avvalgi ikki mashg‘ulot Turkiyada o‘tgan.    

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid