19:24 / 02.05.2017
9487

Og‘ir holatda kelgan bemorni bahonalar bilan uyga qaytarish - jinoyatga tengligi aytildi

2017 yil 2 may kuni Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Har bir murojaat e'tiborda: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Savollar orasida yuqoridagi masala ham alohida qayd etildi: Qashqadaryo viloyatida yashovchi bir bemorning oshqozon yarasi ochilib ketib, og‘ir ahvolda qishloq hududidan markazga olib kelindi. Shahardagi tibbiyot birlashmasi esa yetarlicha joy yo‘qligini aytib, vaqtinchalik og‘riq qoldiruvchi dori vositalarini qo‘llab, bemorni uyiga qaytarib yuborgan. Bu vaziyatda ahvoli og‘ir bemorlarni o‘rin yo‘q, deb qaytarib yuborish qanchalik to‘g‘ri?

Bu masalaga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Asilbek Xudoyorov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi: 

"Oshqozon yarasining ochilish holati - hayot uchun eng xavfli holat hisoblanib, agar o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa bemor vafot etishi mumkin. Respublikaning hech bir tibbiyot profilaktika muassasalarida shifokorlarning "joy yo‘q" degan bahonani aytishga haqi yo‘q. Bunday munosabat jinoyat bilan tengdir. Sababi markaziy shifoxonalar 24 soat xizmat qilishi lozim bo‘lib, joy tanqisligi holati kuzatilgan taqdirda ham qo‘shimcha kravatlar keltirilib, bemorga shoshilinch tez yordam ko‘rsatish zarur".

Shuningdek, mutasaddi rahbarlar yuqoridagi kabi holatlar ro‘y berganda, bemorlar o‘z huquqlarini talab qilib, kerak bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirliginining ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini ta'kidlab o‘tishdi.

Top