Jamiyat | 09:57 / 02.05.2017
29607
4 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada qotillik sodir etgan samarqandlik yigitlar 19 yilga qamaldi

Foto: Fotolia

Feruz Xoliqov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir necha yil Janubiy Koreya Respublikasida ishladi. So‘nggi bora borganida bu davlatning Yyeo-ju shaharchasiga yaqin joydagi qo‘ziqorin yetishtiradigan fermada ishlashga to‘g‘ri keldi. Bu yerda unga hamshahri Doston Xayrullayev hamroh bo‘ldi. Ularga birgalikda ertalab fermaga borishar, kech tushgach yotoqxonaga qaytishar edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ferma xo‘jayini oltmish yoshlarga kirgan, kasalmand, yolg‘iz kishi edi. Yigitlar uning boy ekanligini bilishardi. Ular o‘zaro suhbatlarida tezroq boy bo‘lib ketishning turli yo‘llarini qidirishar edi.

-  Bitta yo‘li bor, xo‘jayinning pulini o‘maramiz, - dedi Feruz.

-  Qanday qilib?! – qiziqib qoldi Doston.

Feruz rejasini aytdi. Ular o‘zlari uchun zarur jihozlar – pichoq, skotch, arqon kabilarni bir sumkaga solishdi.

O‘sha kuni ular ish tugagach, boshqalarning ketishini kutishdi. Atrofga qorong‘ulik cho‘kkach, ferma ichidagi issiqxonaga kirib yashirinishdi. Ferma xo‘jayini ishchilar ketgach, fermani ko‘zdan kechirishini yaxshi bilishardi.

Yigitlar panada kutib turishdi. Ferma egasi ularga yaqinlashganda hujumga o‘tishdi. Keksa kishi ikki yigitning hamlasidan yiqilib tushdi. Yigitlar uni urib-tepib, rosa do‘pposlashdi. Keyin oyoq-qo‘lini bog‘lab tashlashdi.

-  Bizga pul kerak?! – ochiqchasiga maqsadga o‘tdi ular. – Qani pullaring?

Og‘ir jarohatlardan qiynalayotgan ferma xo‘jayini hansirab, pullari yo‘qligini, bori ham plastik kartochkada ekanligini tushuntirdi.

Feruz uning cho‘ntagidan plastik kartochkani tortib oldi. Kodini so‘radi. Jim turgan “asir”ning yuziga musht tushirdi.

-  Ayt, parolni? Hozir o‘lasan! Qancha pul bor bunda?

Ferma egasi raqamni va unda anchagina katta pul borligini aytdi. Uni tinch qo‘yishlarini yolvorib so‘radi.

-  Endi buning bizga keragi yo‘q. O‘ldirib yuboramiz, - Feruz shunday deb sherigiga arqonni uzatishni buyurdi. Ular ferma egasining og‘zi va burnini skotch bilan yopib tashlashdi. Bo‘yniga arqon solib, nafas olmay qolguncha bo‘g‘ishdi. So‘ng, fermadan ancha olisroqqa olib borib, ko‘mib tashladilar.

So‘ng ijara uylariga qaytib, keyingi rejalarni pishitib olishdi.

-  Sen ertalab Seulga borasan, plastik kartochkada qancha pul borligini aniqlaysan. Men naqdlashtirish yo‘llarini izlayman, - dedi Feruz.

Ertalab bankka borgan Doston ferma egasining plastik kartochkasida 59 mln. Janubiy Koreya voni borligini xabar qildi.

-  Buni dollarga aylantirsak, katta pul bo‘ladi, - dedi Feruz hovliqib.

Ular turli yo‘llar bilan plastik kartochkadagi mablag‘ni yechib olishdi. Va AQSh dollariga aylantirib, Samarqand shahriga yuborishdi.

O‘zlari ham jinoyatlari ochilib qolmasdan zudlik bilan qaytish tadorigini ko‘rishdi.

Samarqandga qaytib kelgan shovvozlar yengil nafas olishdi, hech nima bilmaganday yuraverishdi.

Biroq, Koreya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari qotillikdan xabar topib, bu ikki kimsaga nisbatan qidiruv e'lon qilishdi.

Qotillar Samarqand shahrida qo‘lga olindi va sud hukmiga ko‘ra ikkalasi ham 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid