Jamiyat | 10:17 / 04.05.2017
8048
4 daqiqa o‘qiladi

Iste'molga yaroqsiz paxta yog‘i sotgan shaxs 39 million so‘mlik jarimaga tortildi

Foto: Fotolia

Asror G‘afforov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hali uylanmagan bo‘lishiga qaramay, oilasiga moddiy ko‘mak berish maqsadida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, ish boshladi. Namangan shahridagi “Sardoba” bozori ichidan savdo rastasi olib, o‘z faoliyatini boshlab yubordi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Tabiiyki, u amaldagi savdo-sotiq qoidalariga amal qilib ishlasa, faoliyati qo‘llab-quvvatlanib, shunga yarasha foyda ham olar edi. Biroq u egrilikni ma'qul ko‘rdi. 2016 yil may oyida Bahodir ismli shaxs bilan tanishib qoladi. Yangi tanishi o‘z xonadonidagi yashirin sexda chigitdan paxta yog‘i olib, uni yashirincha sotib, daromad topayotgan ekan. Ikkisining til biriktirishi qiyin kechmadi. Sababi, ularning niyati bir – qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, tez va ko‘p pul topish edi.

Xullas, Bahodir arzon narxda paxta yog‘i yetkazib beradigan, A.G‘afforov esa xaridor topib, yurtimizdagi taniqli yorliqlar ostida yog‘ni o‘tkazadigan bo‘ldi. Albatta sotuvchi yigit ham bu kelishuvdan yaxshigina foyda olar edi. Biroq ular sotayotgan yog‘ iste'molga yaroqsiz ekanini, ming-minglab insonlarning sog‘lig‘ini jiddiy xavfga qo‘yayotganliklarini o‘ylab ham ko‘rishmadi. Aksincha, kelayotgan daromadning “cho‘g‘i”dan mast edilar.

Ana shunday kunlarning birida A.G‘afforovga chustlik mijozi Said qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

-  Uka, menga yana paxta yog‘i kerak. Topsa bo‘ladimi?

-  Bo‘lganda qandoq! “Idealnoye”dan qilib beraymi, litri olti mingdan...

A.G‘afforov Saidning iltimosiga ko‘ra, tanish haydovchi orqali 320 dona 1 litrli paxta yog‘ini u aytgan yorliq bilan qadoqlab, berib yubordi. Haydovchi unga 1 mln. 920 ming so‘m pul olib kelib berishi kerak edi. Ammo u kutganidek bo‘lmadi. Sababi, haydovchi u yuborgan mahsulotni “o‘z egasi”ga topshirishga ulgurmay qo‘lga tushgan edi. Savdo qilinayotgan rasta huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tekshirilib, iste'molga yaroqsiz va qo‘lbola usulda tayyorlangan 0,9 litr hajmli 441 ta plastmassa idishlardagi 1 mln. 543 ming so‘mlik “Idealnoye” nomli, shuningdek, turli hajmdagi 5 turdagi 884 ming so‘mlik va 6 turdagi 2 mln. 595 ming so‘mlik mahsulotlar hujjatlashtirib olindi.

Viloyat DSENMning xulosasiga ko‘ra, chigitdan olingan jami 3 mln. 463 ming so‘mlik yog‘ mahsuloti iste'mol uchun yaroqsiz va inson hayoti uchun xavfli ekani ma'lum bo‘ldi.

Sud tomonidan A.G‘afforovga 39 mln. 72 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan paxta yog‘i qonuniy tartibda yo‘q qilinadigan bo‘ldi. 

Mavzuga oid