O‘zbekiston | 19:01 / 04.05.2017
3761
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Milliy Fanlar akademiyasining delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi

Foto: mfa.gov.ua

Ukraina Milliy Fanlar akademiyasining Ukrain tili instituti direktori, professor Pavel Gritsenko rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonning qator vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse­prezidenti Bahrom Abduhalimov bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalar qatori ilm-fan va ta'lim yo‘nalishida ham izchil rivojlanayotgani ta'kidlandi. Bunda ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan 140 dan ziyod hujjat huquqiy asos bo‘lmoqda. Fan va ta'lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyati, ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasida ilm-fan va ta'lim sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Ukraina delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Alisher Navoiyning ukrain tiliga tarjima qilingan “Farhod va Shirin” dostoni taqdimoti bo‘ldi. 

– Jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan Alisher Navoiy ijodi ulkan ma'naviy boylikdir, – dedi Pavel Gritsenko. – Bu meros butun dunyoda, xususan, Ukrainada katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Navoiy ijodida donishmandlik, borliq olamni gumanistik anglashning juda ulkan, bitmas-tuganmas xazinasi mujassam. O‘zbekiston bilan ilm-fan va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdormiz.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid