16:07 / 05.05.2017
14874

Elektr hisoblagichlarni har 4 yilda tekshiruvdan o‘tkazish qanchalik o‘rinli?

Xabaringiz bor, senator va deputatlar har oyning boshida aholi bilan muloqotda bo‘lib, ularni qiynayotgan masalalar, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar bilan atroflicha tanishib, ularni yechimini topishga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda. 

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi Ulug‘bek Samatov ishchi guruh bilan birgalikda poytaxtdagi ko‘pgina joylarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qildilar. 

Jumladan, ishchi guruhi a'zolari “Mashinasozlar” MFYda joylashgan O‘zbekiston —Xitoy qo‘shma korxonasi “Elektron Hisoblagich” MChJ ishchi-xodimlari bilan suhbatlashdilar. Muloqot davomida xodimlar mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan hisoblagichlarga 12 yilga kafolat berilishini, “O‘zStandart” agentligining talabiga muvofiq elektr hisoblagichlarni har to‘rt yilda nazoratdan o‘tkazilayotganligi fuqarolar, davlat korxonalari, ta'lim muassasalari va tadbirkorlarning ortiqcha mablag‘i va vaqti sarflanishiga olib kelayotganini ta'kidlashdi. 

Mutaxassislarning fikricha, elektr hisoblagich har to‘rt yilda tekshirilishi (ochilib-yopilishi, ichki qurilmalarni olib-qo‘yish va h.k.) uning ishlash sifatiga ham ta'sir qiladi. Shulardan kelib chiqib, elektr hisoblagichlarni nazoratdan o‘tkazish muddati masalasini qayta ko‘rib chiqish, bu muddatni hech bo‘lmasa 8 yil qilib belgilash taklifini bildirishdi. (Ma'lumot uchun, Rossiya Federatsiyasida amaldagi qonunchilikka muvofiq, elektr hisoblagichlar modeliga ko‘ra 8 yildan 16 yilgacha bo‘lgan muddatda tegishli nazoratdan o‘tkaziladi.) 

U.Samatov mutaxassislarning fikrini inobatga olib, ushbu masalada “O‘zStandart” agentligi rahbari nomiga deputatlik so‘rovi kiritishini ma'lum qilgan.

Top