Jahon | 23:57 / 06.05.2017
5620
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va AQSh Suriya osmonida xavfsiz parvozlar bo‘yicha memorandumni tiklashni qo‘llab-quvvatladi

Foto: RIA

Rossiya bosh shtabi boshlig‘i Vladimir Gerasimov va AQSh shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i Jozef Danford o‘zaro telefon muloqoti o‘tkazib, Suriya havo hududida xavfsizlikni ta'minlash va noxush voqealarning oldini olish bo‘yicha memorandumga muvofiq majburiyatlarni bajarishni to‘liq tiklashga tayyorliklarini tasdiqladilar. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi xabar bermoqda.  

Bundan tashqari, harbiylar IShID va "Jibhat an-Nusra" terrorchilik guruhlariga qarshi operatsiyalar o‘tkazishda mojaroli vaziyatlarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ustida ishlashga tayyorliklarini bildirdilar. 

Rossiya ushbu kelishuvning amal qilishini AQSh Suriyadagi Shayrat aviabazasiga zarba bergandan keyin to‘xtatgandi.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi Suriyada harbiy harakatlardan xoli deeskalatsiya hududlarini yaratish haqidagi memorandumni chop etgandi. Hujjatni kafolotlovchi davlatlar Rossiya, Eron va Turkiya Ostonadagi muzokaralarda imzoladi. Deeskalatsiya hududlari Idlib viloyati va 7 ta boshqa tumanni o‘z ichiga oladi. Hujjatga ko‘ra, bu hududlarda hukumat qo‘shinlari va qurollangan guruhlar o‘rtasida har qanday to‘qnashuvlar to‘xtatilishi kerak.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid