Jamiyat | 19:14 / 06.05.2017
12210
2 daqiqa o‘qiladi

Imom-xatiblar urush faxriylarining holidan xabar olishda faollik ko‘rsatishmoqda

O‘tganlar ruhini yod etish, tiriklarga mehr-oqibat ko‘rsatish qadriyat, qolaversa, har bir kishining insoniylik burchi sanaladi. Mana shu ezgu fazilatlar «Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan yanada yorqin namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi va ishtirokchisi bo‘lgan kishilar safi tobora kamayib bormoqda. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga bu yil 72 yil to‘ladi.

Shu munosabat bilan Sayyid Rahmatulloh Termiziy boshchiligida Toshkent shahar, Yunusobod tumani “Mirza yusuf” jome masjidi hamda mahalla faollari bilan birgalikda “Bodomzor” mahallasida yashovchi 90 yoshli onaxon Jiharova Olga hamda “Mingo‘rik” mahallasida yashovchi 93 yoshli otaxon Abdullayev Shohid xonadonida bo‘lishdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram bilan tabriklab, sovg‘alar taqdim etishdi. 

Urush qatnashchilari O‘zbekistonning g‘alabaga qo‘shgan hissasi, O‘zbekistondan frontga jo‘nab ketgan o‘g‘lonlarning jasorati, o‘zbekistonliklarning front ortidagi matonatli va fidokorona mehnati, O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan go‘daklar, onalar, qariyalar, bemorlarga ko‘rsatilgan mehr-muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik haqida so‘zlab berdilar. Mehmonlar tashrifidan xursand bo‘lgan otaxon qo‘llarini duoga ochar ekanlar: “Ilohim jannatmakon yurtimiz tinch bo‘lsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin”, deb yaxshi niyat qildilar.

 

Mavzuga oid