Jamiyat | 18:41 / 06.05.2017
24248
4 daqiqa o‘qiladi

Uy masalasi bo‘yicha ishonchnoma faqat Toshkent shahrida doimiy propiskasi bor fuqarolarga beriladimi?

Foto: Depositphotos

Kun.uz tahririyatiga O‘zbekistonning turli jabhalaridan har-xil savollar kelib tushmoqda. Ularning ayrimlari huquqiy masalalar haqida boradi. Quyida ana shunday savollardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz. Ushbu savollarga Adliya vazirligining Notariat, advokatura va FHDYo organlari boshqarmasi boshlig‘i D.Yakubova javob qaytargan.

1. Toshkent shahridagi notariuslar uy masalasi bo‘yicha ishonchnomani faqat Toshkent shahrida doimiy propiskasi bor fuqarolarga beramiz, deyishmoqda (Yashnobod tumani 6- va 1-son notariuslar). Agarda propiskam bo‘lganida menga ishonchnoma kerak emas bo‘lardi. Shu masala nechog‘lik qonuniy? 

Javob: Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga asosan bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma deyiladi. Ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.

“Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga muvofiq notariuslar bir yoki bir necha shaxs nomidan yoki bir necha shaxs nomiga yozilgan ishonchnomalarni tasdiqlaydi.

Ushbu qonunning 16-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro yoki yuridik shaxs notarial harakatlarni amalga oshirish uchun xohlagan notariusga murojaat qilishga haqlidir. Ushbu Qonunning 37, 44, 51, 52, 59, 62, 63, 74, 82 va 93-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

“Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi. Notarius notarial harakatni amalga oshirish to‘g‘risidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan rad etish sababini yozma ravishda bayon etishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirib berishi lozim.

 

2. Ba'zi notariuslar tekin foydalanish shartnomasini tuzmayman, deb buning uchun qarindoshlik aloqangizni isbotlovchi hujjatlar to‘plamini talab qilishadi. Buning huquqiy asosi nechog‘lik to‘g‘ri?

Javob: Fuqarolik kodeksining 617-moddasiga muvofiq tekin foydalanish shartnomasi bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafga ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi. Ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan bo‘lsa, normal yeyilishini hisobga olib huddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi. 

Mazkur kodeksning 6261 – moddasiga muvofiq uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi, bundan uy-joyni yaqin qarindoshlarga (ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevalarlar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari) tekin foydalanishga berish hollari mustasno.

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2090, 2010 yil 30 mart) 1411-bandiga ko‘ra mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlashda notarius mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlari (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi), tekin foydalanishga berilayotgan mulk umumiy birgalikdagi mulk bo‘lgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi, tekin foydalanishga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan ma'lumotnoma yoki uy daftaridan ko‘chirmasi, vasiylikdagi shaxsga qarashli bo‘lgan mol-mulk tekin foydalanishga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi, mulk garovga qo‘yilgan bo‘lsa, garovga oluvchining roziligini talab qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid