Urush butun Yer kurrasi bo‘ylab borar edi; ularning ba’zilari kunlab cho‘zilsa, boshqalari oylab, hattoki yillab davom etayotgandi. Xo‘sh, ikkinchi jahon urushining qaysi janglari eng muhimlari sifatida tarixga muhrlanib qolgan?

«Eng muhim» deganda, albatta, «hal qiluvchi» janglar nazarda tutilmagan yoki bo‘lmasa ularning «eng katta», «eng sharafli», «eng qonli», «eng mahoratli» va «eng muvaffaqiyatli»sini anglatmaydi.  Biz «muhim» deganimizda urushning yakuniga bo‘lmasa-da, keyinchalik yuz bergan harbiy yoki siyosiy voqealarga katta ta’sir o‘tkazgan janglarni nazarda tutdik. Ularning eng qisqasi 90 daqiqa, eng uzog‘i — uch oy davom etgan.

 

1. Fransiya. 1940 yil, may

Benilyuks davlatlari va Fransiya shimolining bor-yo‘g‘i uch-to‘rt haftada tezlik bilan va qo‘qqisdan egallab olinishi manyovrga asoslangan nemischa jang mahoratining eng yaxshi misoli bo‘la oladi.

Bu janglarda nemislar fransuz armiyasining belini sindirib yuborishgan. Hitler G‘arbiy Yevropa ustidan to‘liq hukmronlikka ega bo‘lgan, shundan so‘ng fashistlar Italiyasi ham urushga qo‘shilgan. 1940 yildan 1945 yilgacha bo‘lgan barcha voqealar mana shu g‘alabaning oqibati hisoblanadi.

Nemis armiyasi o‘shanda bir xatoga yo‘l qo‘ygan va alal-oqibat u o‘ta muhim xato bo‘lib chiqqan: ular Britaniya ekspeditsion kuchlarining Dyunkerk orqali qochishlariga yo‘l qo‘yib berishgan. Natijada, Buyuk Britaniya nemislar uchun sezilarli tahdidligicha qolgan va Hitlerning g‘alabasi to‘laqonli bo‘lmagan.

Stalinning ham kapitalistik davlatlarning o‘zaro vayron qiluvchi, uzoq davom etuvchi mojarolarini kutgani ham o‘zini oqlamagan; sovet ittifoqining o‘zi ham tahdid ostida qolgan.

 

2. Britaniya uchun jang. 1940 yil, avgust–sentabr

Bostirib kirishni rejalashtira turib, Lyuftvaffe kuchlari Buyuk Britaniya qirollik harbiy-havo kuchlari bazasini, so‘ngra Londonni ham bombardimon qilishgan. Bundan asosiy maqsad havoda tashabbusga ega bo‘lish va Britaniyani sulh imzolashga majburlash bo‘lgan.

Biroq Britaniya radiolokatsion tizimini ishlatayotgan havo hujumidan mudofaa tizimi va qudratli flotga ega edi. Jamiyatning ma’naviy ruhi ham ko‘tarinki edi. Nemislar bora-bora jiddiy yo‘qotishlarga duch kela boshlashdi va keyinchalik kunduzgi bombardimondan, kam samarali tungi ahyon-ahyondagi parvozlarga o‘tib olishdi. Kuz ham kutilganidan sovuqroq keldi va nemislarning ehtimolli bostirib kirish rejasini chippakka chiqardi.