19:18 / 10.05.2017
10559

Toshkent viloyatida qulfbuzar ushlandi

Illyustrativ surat

Inson farovon turmushga faqat halol mehnat bilan erishish mumkinligini yaxshi biladi. Ammo mustaqil hayotga endigina qadam qo‘ygan ayrim yoshlar buni o‘z vaqtida tushunib yetmasliklari achinarli. 

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yilning 19 aprel kunidan 21 aprel kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Laylo” ayollar go‘zallik saloniga, noma'lum shaxs hech kim yo‘qligidan foydalanib, eshik qulfini buzish yo‘li bilan kirib, ushbu salondan 1993 yilda tug‘ilgan Nodira Mahmudovaga (ismlari o‘zgartirilgan) tegishli umumiy narxi taxminan 1 500 000 so‘m bo‘lgan 1 dona “Personal” nomli ayollar soch bo‘yog‘i, 1 dona ayollar sochini jingalak holatga keltirish uchun mo‘ljallangan ploykasi, 2 dona soch dazmollari, 1 dona feni va turli xildagi ayollar parfyumeriyasini o‘g‘irlab ketadi. 

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Yashnar Xolmurodov sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. 

Shuningdek, 22 aprel kuni soat 00.30 larda Farg‘ona viloyatida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan Jabbor Alimov o‘ziga tegishli «Damas» rusumli avtoulovida Ohangaron tumanida noma'lum shaxsni yo‘lovchi sifatida oladi, shu tumanda joylashgan “Ganga” kafesi oldiga olib borib tushirib qoldirganidan so‘ng avtoulovi salonida bo‘lgan narxi 1.100.000 so‘m bo‘lgan “Artel-Santinel-X” rusumli uyali aloqa telefonini ushbu noma'lum shaxs o‘g‘irlab olib ketganligini ma'lum bo‘ladi. Jabbor Alimov darhol ichki ishlar organlariga xabar beradi. 

Tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Ohangaron tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan Axmad Sobirov sodir etganligi aniqlanib, ushlandi. 

Zangiota tumanida, xususiy mehnat turi bilan shug‘ullanuvchi 1985 yilda tug‘ilgan Azamat Shariyev joriy yilning 6 aprel kuni soat 11.00 dan 12.00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uyiga ketayotgan vaqtida noma'lum shaxs hech kim yo‘qligidan foydalanib, kissavurlik yo‘li bilan cho‘ntagidan narxi taxminan 900.000 so‘m bo‘lgan «Samsung J5» rusumli uyali telefon apparatini o‘g‘irlab ketadi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib jinoyatchini aniqlash va ushlash choralari ko‘riladi. 

Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Zangiota tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan Asror Bo‘riyev sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.

Top