21:55 / 11.05.2017
16775

Toshkentda firibgarlik jinoyatlari keskin ko‘paydi

Toshkent shahrida 5-11 may kunlari o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida hafta davomida 32ta jinoyat issiq izidan fosh etilgan. Shundan 2ta qotillik,18ta o‘g‘irlik, 10ta firibgarlik, 1ta transport vositasini olib qochish, 1ta hujjatlarni noqonuniy egallash jinoyatlarini tashkil etgan. Bu haqda Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi.  

Shuningdek, yil boshidan 694 nafar, may oyining o‘tgan 10 kunligi mobaynida 52 nafar, hafta davomida 35 nafar qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilar ushlandi.

Shu bilan bir qatorda, 2017 yilning 4 oyi davomida barcha yo‘nalishlardagi jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 489taga, shu jumladan, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, tovlamachilik, o‘lim bilan tugagan yo‘l-transport hodisalari kabi jinoyatlar kamaygan. Biroq, Toshxo‘jayevning ta'kidlashicha, firibgarlik jinoyati 130taga oshishi kuzatilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlik jinoyatlari ko‘payishining asosiy sabablari sifatida:

-  pul oldi-berdi masalalarida huquqiy maslahat olmaslik; 
-  mulkiy munosabatlarni tegishli idoralarda belgilangan tartibda               rasmiylashtirmaslik;
-  yengil daromad topish maqsadida foizga pul berish; 
-  fuqarolarning ishonuvchanligi;
    kabilarni ko‘rsatish mumkin.   

Top