19:10 / 12.05.2017
40675

Yozgi transferlar arafasida. Kim qayerga ketishi mumkin?

Yevropa chempionatlarida mavsum yakunlasha borgani sari bir qator futbolchilarning o‘z jamoalarini o‘zgartirishi haqida ko‘pdan-ko‘p xabarlar tarqalmoqda. Ba'zi nashrlar ba'zi futbolchilarning ba'zi jamoalar bilan kelishib qo‘ygani haqida yozmoqda. Shuningdek, qaysi murabbiy kelgusi mavsumda qaysi jamoani boshqarishi ayonlashmoqda. Quyida shunday ehtimoliy transferlar ko‘rib chiqiladi.

Serj Ore, 24 yosh, «PSJ»

Bu yil yozida Oreda jamoasini o‘zgartirish uchun sabablar bor. Uning amaldagi shartnomas muddati 2019 yilga qadar tuzilgan va rahbariyat ushbu ivuarlik futbolchiga yangi shartnoma taklif qilayotgan bo‘lsada, u rozi bo‘lishga shoshilmayapti.

Serjda ajoyib iste'dodga ega futbolchi, uning kuchi ko‘p, tezligi zo‘r, texnika joyida, o‘yinning oxiriga qadar charchamaydi. U o‘z qanotini o‘yin davomida to‘la yopa oladi. Asosiy kamchiligi - xarakter. Oreni qo‘ldagi granataga qiyoslash mumkin, u odamning o‘zini portlatib yuborishi mumkin, undan yaxshisi raqibga qarshi foydalangan ma'qul. U munosib murabbiy qo‘lida yanada kuchayishi, dunyodagi eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilaridan biriga aylanishi mumkin. 

Ehtimoliy transfer: «Barselona», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti»

Transfer qiymati: 15 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

Bernardu Silva, 22 yosh, «Monako»

Ligi 1 chempionatining yana bir vakili, «Monako»ning o‘ng qanot yarim himoyachisi Bernardu Silva. Hech kimda shubha yo‘qki, klublar bu yozda monegasklar futbolchilarini bo‘lib olishadi. Portugaliyalik bu futbolchi bu mavsum jamoasining asosiy futbolchilaridan biriga aylandi, unga hatto «Barselona» va «Real» tomonidan qiziqishlar paydo bo‘ldi. Unda ajoyib texnika, maydonni yaxshi ko‘ra olish, tezlik, Ligi 1 ning eng yaxshilaridan biri bo‘lish salohiyati va Messiga qiyoslash. Bunday futbolchi uchun 50 million yevro sarflashga tayyor jamoalar bir talay.

Bernardu Silva: «Ispaniya va Angliya – eng yaxshi ligalar. Bu ligalarda o‘ynashni orzu qilaman»

Ehtimoliy transfer: «Real», «Barselona», «Manchester Yunayted», «Chelsi»

Transfer qiymati: 25 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

Filippe Koutino, 24 yosh, «Liverpul»

Kichkina braziliyalik sehrgar yildan-yilga kuchaymoqda, ammo jarohatlar uning salohiyati to‘la ochilishiga yo‘l bergani yo‘q. Koutino hozirgi jamoasida o‘z abmitsiyalari samarasiga erisha olmayapti. Unga Kataloniyaning «Barselona» jamoasi faol ravishda qiziqish bildirmoqda. Bu vaqtda esa «Liverpul» Koutinoning ketishi bilan bog‘liq barcha mish-mishlarni inkor etmoqda, futbolchi bilan shartnoma uzaytirilgan, ammo uning sotilishi shu yozdayoq amalga oshishi mumkin, uning uchun «Barselona» 70 million yevro taklif etmoqda.

Ehtimoliy transfer: «Barselona»

Transfer qiymati: 40 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Aleksandr Lyakazett, 25 yosh, «Lion»

Lyakazett o‘z klubi darajasidan ham, liga darajasidan ham yuqorilab ketdi. Joriy mavsumdagi 28 o‘yinda urilgan 24 gol bunga isbot bo‘lishi mumkin. Aleksandrning o‘zi klubni tark etish niyatini yashirmaydi, uning shu yozdayoq transfer bo‘lishi aniq. OAV uning nomini ko‘p jamoalar bilan bog‘laydi, eng jiddiy qiziqish «Atletiko» tomonidan bo‘lmoqda, May oyida u 26 yoshda bo‘ladi, u o‘z kuchini boshqa chempionatda ham sinab ko‘rishi kerak.

Aleksandr Lyakazett: «Men o‘tadigan jamoa Chempionlar ligasida g‘olib chiqadigan bo‘lishi kerak, «bey-begi» usulida o‘ynaydigan emas» 

Aleksandr Lyakazett: «O‘ylaymanki, bu mavsumda jamoamni o‘zgartirishim kerak»

Ehtimoliy transfer: «Atletiko», «Borussiya Dortmund», «Arsenal», «Liverpul», «Real», «Barselona», «Yuventus»

Transfer qiymati: 40 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Xames Rodriges, 25 yosh, «Real»

Kolumbiyalik futbolchi Zidan davrida zaxira o‘rindig‘iga butunlay mixlandi. Klubda u va Iskodan birini tanlashmoqda. Futbolchi «Real»da muvaffaqiyatsizlikka uchradi deyish qiyin, ammo u bu yerda yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Jamoa prezidenti uni yozda sotishi mumkin. Xames ham faoliyatida yangi davrni boshlashga qarshi bo‘lmaydi. U o‘zini to‘laroq namoyon etishni istaydi. Agar jamoaga Azar olib kelinadigan bo‘lsa, kolumbiyalik futbolchida o‘ynash uchun deyarli imkoniyat qolmaydi. Bu vaziyatdan esa boshqa jamoalar foydalanib qolishlari mumkin. Katta mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri keladi, ammo «Monako»ning sobiq futbolchisi umidlarni oqlay oladi. Ayni vaqtda unga asosiy da'vogar «Manchester Yunayted» bo‘lib turibdi. 

Ehtimoliy transfer: «Manchester Yunayted», «Inter», «Liverpul», «Chelsi»

Transfer qiymati: 50 mln yevro, transfermarkt bo‘yicha

 

Antuan Grizmann, 26 yosh, «Atletiko»

Yozda «Atletiko»da jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Jamoa xo‘jayinlari fransuz futbolchini tarkibda saqlab qolishni istasada, Diyego Pablo Simeone bosh murabbiylikdan ketsa, Grizmanni ham olib qolishning imkoni bo‘lmaydi. La Liganing eng yaxshi futbolchilaridan biriga talabgor klublar navbat hosil qilishgan? Eng jiddiy qiziqish «Manchester Yunayted» tomonidan bildirilmoqda.

Joriy mavsumda ushbu futbolchi 34 uchrashuvda 16 gol urgan, 7 golga uzatma bergan. U jamoasi bilan Chempionlar ligasini tark etdi. Grizmann hozirgi jamoasida sovrinlarga ega chiqmayapti va u yozda boshqa jamoaga o‘tishi hech kimni hayron qilmaydi. U yozgi transferlar vaqtidagi asosiy transfer bo‘lishi ham mumkin.

Ehtimoliy transfer: «Manchester Yunayted», «Real», «Manchester Siti»

Transfer qiymati: 80 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Ektor Bellerin, 22 yosh, «Arsenal»

«La Masiya» tarbiyalanuvchisi Aleks Oksleyd-Chemberlen bilan raqobat qilmoqda, u kanonirlarning hozirgi sxemasida bazan zaxirada qoladi. Futbolchining o‘zi mavsum avvalida Ispaniyaga qaytmoqchi emasligi va «Arsenal» bilan uzoq muddatli shartnoma tuzmoqchiligini aytgandi. Ammo keyin yosh ispaniyalik o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va boshqacha intervyular bera boshladi. Unga asosiy talabgor «Barselona» hisoblanadi, Ektor bu jamoada uzoq yillar davomida asosiy tarkib a'zosi bo‘lishi mumkin. Qolaversa, «Arsenal» hamisha asosiy futbolchilarini katta mablag‘ evaziga sotishdan qaytmasligi odat bo‘lib qolgan, shu tufayli bu transfer amalga oshishi kutilmagan ish bo‘lmaydi.

Bu mavsumda Bellerin 29 o‘yinda maydonga tushdi va ikki golga uzatma berdi.

Ektor Bellerin: «Barsa»dan qiziqish mavjudligi – alohida hodisa»

Ehtimoliy transfer: «Barselona», «Manchester Siti»

Transfer qiymati: 25 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Toma Lemar, 21 yosh, «Monako»

«Monako» futbolchilari oldindagi yozgi transferlarda xaridorgir bo‘lishi kutilmoqda. «Yuventus»ga qarshi YeChL yarim final o‘yinlarida «Monako»ning bu yosh yarimhimoyachisi hammadan ko‘proq o‘zini ko‘rsatdi. Gap shundaki, Italiya grand jamoasi Lemarga jiddiy ravishda qiziqish bildirmoqda. Asli gvadelupalik 21 yoshli futbolchi barcha top-klublarning skautlari nazariga tushgan. Ommaviy axborot vositalari hattoki «Manchester Siti» «Monako»ning bir yo‘la to‘rt yosh futbolchisini xarid qilishi borasida mish-mishni bolalatib yuborishgandi —Lemardan tashqari bu ro‘yxatdan Mendi, Fabino va Mbappe o‘rin olgandi. Lekin «mish-mishlar» ichida eng haqiqatga yaqini «Yuventus»ning qiziqishi haqidagi ma'lumotdir, bu jamoada o‘ng qanot yarimhimoyachisi pozitsiyasida daroz markaziy hujumchi Mario Manjukich o‘ynatilmoqda. «Monako» bu futbolchini 4 mln yevro evaziga qo‘lga kiritgan, unga «Bavariya», «Chelsi» va «Atletiko»dan ham qiziqish mavjud.

Joriy mavsumda Lemar Fransiya chempionati doirasida 31 uchrashuvda maydonga tushgan va 9 gol urib, 8 golga hammuallif bo‘lgan.

Ehtimoliy transfer: «Yuventus», «Manchester Siti», «Chelsi»

Transfer qiymati: 20 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Davinson Sanches, 20 yosh, «Ayaks»

Agar hali bu futbolchi haqida eshitmagan bo‘lsangiz, uning ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatishni boshlang. Ishonchli va jismonan baquvvat himoyachi, 1-2 yildan keyin uning transfer bahosi ikki yoki uch barobar ortishi mumkin. Kolumbiyalik bu futbolchi Niderlandiya chempionatining joriy mavsumida 31 uchrashuvda maydonga tushdi va 5 gol urib, 2 golga uzatma berdi. Unga «Barselona» va «PSJ» tomonidan qiziqish mavjud.

Sanchesning o‘yin uslubi Bayi va Umtitini eslatadi. Klub bu futbolchini sotish orqali katta mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin. 

Ehtimoliy transfer: «Barselona», «PSJ»

Transfer qiymati: 7,5 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Andrea Belotti, 23 yosh, «Torino»

Andrea hozirgi klubi darajasidan o‘sib ketgan va u yangi chaqiriqlarni qabul qilishga tayyor. Uning mavsumdagi 32 o‘yinda urgan 25 goli ko‘p narsadan darak. Fabio Kappelloning u haqda aytgan maqtovi uning salohiyatini ko‘rsatadi. «Torino» bu futbolchisi uchun 100 mln yevro talab qilayotgan bo‘lsada, uni tarkibda saqlab qola olmasligi ayonlashmoqda. Mavsumlar oralig‘ida bu tezkor goleador yuqori saviyali klub safida paydo bo‘ladi, albatta 100 mln yevro evaziga emas.

Fabio Kapello: «Belotti Yevropadagi eng kuchli hujumchilardan biridir. Uning texnikasini hisobga oladigan bo‘lsak, u Batistutadan ham kuchliroq»

Ehtimoliy transfer: «Manchester Yunayted», «Chelsi»

Transfer qiymati: 30 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Alvaro Morata, 24 yosh, «Real»

Madrid jamoasi tarbiyalanuvchisi, o‘tgan mavsumda klubi tomonidan 30 mln yevroga qaytadan sotib olingan bu futbolchi har qancha harakat qilmasin, Zidanga Benzemadan yaxshiroq ekanini isbotlay olmayapti. Zaxiradagi eng foydali futbolchi «Real»ni mavsum davomida ko‘p marta qutqarib qoldi. U jami 24 o‘yinda 15 gol urgan, 5 golli uzatma muallifi bo‘lgan.

U yetarli darajada ambitsiyaga ega futbolchi, «Real» boshqa hujumchi qidirayotgan vaqtda uning qolishi mantiqsiz bo‘ladi. Unga APLning bir qator jamoalaridan qiziqish mavjud. 

 

Ehtimoliy transfer: «Chelsi», «Manchester Yunayted»

Transfer qiymati: 40 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Aleksis Sanches, 28 yosh, «Arsenal»

Chempionlar Ligasida navbatdagi muvaffaqiyatsizlik, keyingi mavsumda bu turnirsiz qolish ehtimoli bu futbolchining hafsalasini pir qilgna. Bunday ambitsiyali va xarakterga ega futbolchining sabri tugamoqda. Angliyadagi va Yevropadagi ko‘plab klublar ushbu chililik futbolchiga faol ravishda qiziqish bildirmoqda. Eng jiddiy takliflar «PSJ» va «Bavariya» tomonidan berilgan. Parijliklar klubi prezidenti Nosir Al-Helayfi Aleksis transferi bilan shaxsan shug‘ullanishga kirishgan. Sanches «Arsenal»da ko‘p hollarda bor mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmoqchi bo‘ladi va bu jamoa o‘yiniga ta'sir ko‘rsatadi. U APLning joriy mavsumida 35 o‘yinda 20 gol urgan, 10 golga pas bergan. Londonliklar jamoasi rahbariyati ushbu futbolchi sotuvidan katta mablag‘ ishlab olishi mumkin.

Ehtimoliy transfer: «Bavariya», «PSJ», «Manchester Siti», «Chelsi», «Atletiko», «Yuventus»

Transfer qiymati: 65 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Marko Verratti, 24 yosh, «PSJ»

Verratti o‘z oldiga «PSJ» bilan YeChL g‘olibi bo‘lishni maqsad qilgan, ammo Kataloniyadagi muvaffaqiyatsizlik uning Fransiya poytaxtida qolishini shubha ostida qoldirgan. 

Verratti dunyodagi istalgan jamoani kuchaytira oladi, OAV uning nomini Bavariyadan tortib Realgacha bog‘lamoqda. Eng jiddiy qiziqish esa «Yuventus» va «Barselona»dan. Yaxshigina pul va futbolchining istagidan kelib chiqqan holda, «PSJ» bu yetakchisi bilan xayrlashishga rozi bo‘lishi mumkin. Joriy mavsumda italiyalik ushbu futbolchi 27 o‘yinda 3 gol urgan va 4 golga uzatma bergan.

Verrattining agenti: «Markoga sovrinlar kerak. Fransiya chempionatini hurmat qilgan holda aytamanki, bu chempionat g‘olibligi uning maqsadi emas»

Verrattining agenti: «Marko katta g‘alabalarni istaydi, «PSJ»da esa bu imkonsiz»

 

Ehtimoliy transfer: «Barselona», «Yuventus»

Transfer qiymati: 40 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Teo Ernandes, 19 yosh, «Atletiko»

Bu yosh fransiyalik futbolchi uchun La Liga grandlari o‘rtasida jiddiy kurash kechdi. Transfer huquqi «Atletiko»ga tegishli bo‘lgan Teo bu mavsumni «Alaves»da ijara asosida o‘tkazdi. «Real» va «Barselona» bu futbolchi uchun raqobatlashdi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra yosh futbolchi «Real»ni tanlagan va jamoa bilan dastlabki kelishuvga erishgan.

Atlet, tezkor va yaxshi zarbaga ega. U joriy mavsumda 31 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urdi va 4 golli uzatma muallifi bo‘ldi.

Ehtimoliy transfer: «Real», «Barselona»

Transfer qiymati: 10 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Jan-Mikael Seri, 25 yosh, «Nitstsa»

Ligi 1 chempionatining joryi mavsumidagi asosiy yulduzlardan biri. U «Nitstsa»da maydon egasiga aylanadi. U aniq chiquvchi uzun paslari, maydonni ko‘ra bilash qobiliyati bilan alohida ajralib turadi. Unga «Barselona» qiziqish bildirmoqda. Ivuarlik bu futbolchi baland bo‘yli emas, lekin jamoa o‘yinini o‘z bo‘yniga ola oladi. «Nitstsa»ning muvaffaqiyatli mavsumida uning ham kattagina hissasi bor. Futbolchi uchun ko‘plab klublar raqobat qilmoqda, uning transfer qiymati20-25 mln yevro atrofida bo‘ladi.

U mavsum davomida 32 o‘yin o‘tkazgan, 6 gol urgan va 10 golga uzatma bergan. 

 

Ehtimoliy transfer: «Barselona», «PSJ», «Arsenal», «Tottenhem»

Transfer qiymati: 12 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Virgil van Deyk, 25 yosh, «Sauthempton»

«Sauthempton» futbolchisisiz transfer oynasi bo‘lganmi? Va albatta bu jamoa futbolchisiga «Liverpul» tomonidan qiziqish bo‘ladi. Van Deyk yanvar oyida tizzasidan jarohat olib, 3 oyga safdan chiqqunicha ajoyib o‘yinlar ko‘rsatayotgandi. APLning barcha top klublari unga qiziqa boshladi. Uning jarohat olishi bu qiziqishlarni biroz so‘ndirgan bo‘lishi mumkin, ammo niderlandiyalik bu himoyachi keyingi mavsumni yangi klubda boshlashi haqiqatga yaqin.

Jyeymi Rednapp: «Van Deyk – APLdagi eng yaxshi markaziy himoyachi»

Ehtimoliy transfer: «Chelsi», «Arsenal», «Liverpul», «Manchester Yunayted»

Transfer qiymati: 25 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

 

Kilian Mbappe, 18 yosh, «Monako»

Bu yosh fransuz oxirgi yarim yilda hammaning tilida. Uni kimlar bilan taqqoslashmadi? Uning mavsum yarmidan boshlab ko‘rsata boshlagan yorqin o‘yinlari, YeChLdagi 5 goli va «Monako»ning uzoq yillardan keyin chempionlik sari borishidagi kattagina hissasini e'tirof etmay iloj yo‘q. Bunday holatda uni Yevropa grandlari bee'tibor qoldirishi mumkin emasdi. Uning terma jamoada juda erta debyut qilishi, ajoyib statistikasi, tezligi va texnikasi har qanday jamoani o‘ziga jalb etadi. 

Uning transfer qilinishiga shubha yo‘q, u yozning eng shov-shuvli transferiga aylanishi ham mumkin. Unga «Real» katta pul to‘lashga tayyor, Florentino Peres navbatdagi prezidentlik saylovlari oldidan ushbu talantni jamoa safiga qo‘shib olish orqali nufuzini yanada oshirishi mumkin.

«80 mln yevro uchun «Monako» Mbappening faqat bir oyog‘ini sotadi»

Ehtimoliy transfer: «Real», «Arsenal», «Manchester Yunayted»

Transfer qiymati: 10 mln yevro, transfermarkt ma'lumoti

Top