Jahon | 19:54 / 12.05.2017
6677
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi kurd otryadlari AQShdan qurol-aslaha oldi

Foto: Getty Images

Tarkibiga xalq mudofaasi otryadlari (YPG va YPJ) kiruvchi Suriya Demokratik kuchlari (SDF) otryadlari 11 may kechki payt AQShdan qurol-aslaha va zirhli texnika oldi, deb xabar berdi Suriya Demokratik kuchlaridagi manba RIA “Novosti” axborot agentligiga.

AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyaning e'tiroziga qaramay, 8 may kuni Suriyada IShIDga qarshi kurash olib boruvchi kurd tuzilmalarini qurollantirish rejasini tasdiqlagan.

Axborot agentligi manbasining ma'lum qilishicha, kurdlar Hummer avtomobillari, tanklar, minomyotlar va issiqlikni nishonga oluvchi raketalar olgan. Qurol-aslaha va texnika quruqlik bo‘yicha Iroq hududi orqali Semelka nazorat-o‘tkazish punktigacha olib borilib, so‘ngra Ro‘java tumaniga tashlangan. U yerdan yuk furalarda Kobani va Tel-Obod janubiga yetkazilgan.  

"Bu qurol-aslaha va texnika Raqqani ozod qilishda, jumladan shaharni shturm qilishda faol qo‘llanadi", deb aytdi manba.

Avvalroq kurdlarga qurol-aslaha yetkazib berilishi Anqaraning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi. Anqara Suriyadagi kurd tuzilmalarini Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi, deb hisoblaydi. Anqara muxtoriyat uchun erishmoqchi bo‘layotgan suriyalik kurdlar ortidan Turkiyadagi kurdlar ham mustaqillikni talab qilishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Hozirda Suriya Demokratik kuchlari AQSh aviatsiyasi va maxsus bo‘linmalari ko‘magida Tabqa va Raqqa shaharlarini IShID jangarilaridan ozod qilish operatsiyasini olib borishmoqda. Bu esa o‘z navbatida rasmiy Damashqning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Uning fikricha, amerikaliklar Suriya hukumatining roziligisiz harakat qilmoqda va ularning Suriya shimolida mavjudligi mohiyatan bosqinchilik hisoblanadi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid