21:22 / 13.05.2017
6930

Bir hafta ichida nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalidan foydalanmaslik bo‘yicha 400 dan ortiq qoidabuzarlik aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi «Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2777-son qarori ijrosi yuzasidan nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalidan foydalanmaslik va tushumlarni bank kassalariga to‘liq topshirmaslik holatlari bo‘yicha bir hafta davomida (2 maydan 9 mayga qadar) 400 dan ortiq tekshirishlar o‘tkazilib, ularning barchasida qoidabuzarlik holatlari aniqlangan. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Xususan, tekshirishlarda savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sub'yektlari tomonidan nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatish, tushumlarni bank kassalariga topshirmasdan yashirish, to‘lov shaklidan kelib chiqib narxlarni sun'iy ravishda oshirish yoki pasaytirish, hisob-kitob terminalidan foydalanish qoidalarini buzish holatlari aniqlangan.

O‘z navbatida davlat soliq xizmati organlari tomonidan qoidabuzarliklarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. 

Misol uchun, Xorazm viloyati, Urganch tuman davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor «T.Xudakov»ga qarashli savdo shoxobchasida o‘tkazilgan soliq tekshiruvida, mijoz tomonidan amalga oshirilgan to‘lov uchun 284 ming so‘mga xarid cheki berilmaganligi, shoxobchaga to‘lov terminali o‘rnatilmaganligi hamda shoxobcha g‘aznasida nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kirim qilinmagan naqd savdo pullar borligi aniqlanib, tegishli chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, qoidabuzarlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilgan.

Top