Sport | 23:20 / 16.05.2017
26602
5 daqiqa o‘qiladi

Boku-2017, beshinchi kun. Bitta oltin, uchta kumush va bitta bronza

Bugun Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning beshinchi kungi musobaqalari davom etdi. Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasi yana bitta oltin, uchta kumush va bitta bronza medal bilan boyidi. Lekin O‘zbekiston umumiy reytingda bir pog‘ona pastladi, shu kuni 5ta oltin, 4ta kumush va 3ta bronza qo‘lga kiritgan Eron vakillari beshinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bugun o‘zbekistonlik sportchilar 6ta sport turida ishtirok etishdi.

Og‘ir atletika

Foto: MOQ

-85 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etayotgan Ulug‘bek Alimov qatnashchilar orasida ikkinchi natijani qayd etdi va yakunda kumush medal sohibiga aylandi. Bu vaznda birinchi va uchinchi o‘rinlarni iroqlik hamda saudiya arabistonilik sportchilar qo‘lga kiritishdi.

Foto: MOQ

-94 kg vazn toifasida qatnashgan Farhodbek Sobirov ham yana bir kumush medalga ega chiqdi. Bu vaznda birinchi o‘rinni eronlik tosh ko‘taruvchi egalladi, uchinchi o‘rindan mezbonlar vakili joy oldi.

Taekvondo WTF

Foto: MOQ

Ushbu sport turi bo‘yicha -58 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Niyoz Po‘latov kun avvalida ozarboyjonlik va turkiyalik raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U yarim finalda tunislik Xudi Neffatini ham yengdi. Uning finaldagi raqibi jarohat tufayli jangni bekor qildi va o‘zbekistonlik sportchi avtomatik ravishda oltin medal egasiga aylandi. Yana ikki taekvondochi Suxrob Bobobekov va Qosimova Zariya medal olmadi. 

Dzyudo
Jamoaviy bahslarda qizlar jamoasi ham medal qo‘lga kiritishdi. Omongul Allanazarova, Muhayyo Ibragimova, Diyora Keldiyorova, Gulnoza Matniyozova va Kumush Yo‘ldoshevadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi bronza uchun bahslarda Jazoir vakillaridan ustun kelishdi. Oltin va kumush medallar Turkiya hamda Ozarboyjon vakillariga nasib qildi.

Tennis
Erkaklar o‘rtasida yakka tartibda ishtirok etayotgan Sergey Fomin ilk bosqichda malayziyalik Merzukini 7:5, 6:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratdi. Saida'lo Saidkarimov esa ertaga Mozambik vakili Eliasga qarshi kortga chiqadi. 

Juftlik bahslarida ishtirok etayotgan Saida'lo Saidkarimov va Amal Sultonbekov juftligi Saudiya Arabistoni vakillari Al Saad va Alhaqbaniga qarshi kortga chiqdi hamda 6:4, 6:1 hisoblarida g‘alaba qozondi. Endi bu juftlik chorak finalda Qatar vakillari Zoyid M/Zoyid M juftligiga qarshi bahs olib boradi.

Yengil atletika
100 metrga yugurish bahslarida Nigina Sharipova yarim finalda ishtirok etdi. U yarim finalda 16 nafar sportchi ichida ikkinchi natijani qayd etdi va finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Uning finaldagi natijasi ikkinchi bo‘ldi - kumush medal.

Boks
Shu kungacha o‘tkazilgan bahslarda turnirda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik 9 nafar bokschidan 3 nafari – Abdulhay Shorahmatov (-56 kg), Mironshoh Ibragimov (-49 kg) va Bobo Usmon Baturov (-69 kg) yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Bugun O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan yana 3 nafar bokschi chorak final doirasida ringga ko‘tarildi. -52 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Abrorjon Qodirov chorak final doirasida ozarbayjonlik Ma'sud Yusufzoga qarshi jang qildi. U raqibidan to‘la ustunlik qildi va yarim finalga chiqdi.

-64 kilogramm vazndagi Aliyor Noraliyev mezbon bokschisi Elvin Isayev bilan kuch sinashdi va 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.

-75 kilogramm vazn toifasidagi Mahmud G‘oipov esa qozog‘istonlik Tursinbay Kulahmetga qarshi jang o‘tkazadi.

Shuningdek, -60 kilogramm vazndagi Ulug‘bek Do‘stmurodov yarim final yo‘llanmasi uchun qozog‘istonlik Zaurbek Sultanga qarshi kurash olib boradi. Ushbu jang sanasi keyinroq ma'lum bo‘ladi. -91 kilogramm vazn toifasidagi Sardor Begaliyev o‘z jangini hali o‘tkazmadi.

O‘zbekistonlik bokschilardan biri turnirni tark etib bo‘lgan, Madiyor Saidrahimov (-81 kg) birinchi jangidayoq mag‘lubiyatga uchragandi.

Mavzuga oid