Sport | 22:39 / 17.05.2017
20847
6 daqiqa o‘qiladi

Boku-2017, oltinchi kun. Bitta oltin, ikkita kumush va to‘rtta bronza

Bugun, 17 may kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning oltinchi kungi musobaqalari davom etdi. Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasi yana bitta oltin, ikkita kumush va to‘rtta bronza medal bilan boyidi. 

Bugun o‘zbekistonlik sportchilar 6ta sport turida ishtirok etishdi.

Og‘ir atletika
Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik 3 nafar og‘ir atletikachi o‘z ishtirokini o‘tkazdi.

-105 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan og‘ir atletikachi Ivan Yefremov  sovrindorlar orasidan joy egalladi. U uchinchi natijani (380) qayd etdi va bronza medali bilan taqdirlandi. Turnirning oltin va kumush medallari mos ravishda eronlik va iroqlik sportchilar Barori Muhammadrizo (395) hamda Salvon Alayfuriyga (391) nasib etdi.

Foto: MOQ

+105 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan og‘ir atletikachi Rustam Jangabayev  dast va siltab ko‘tarishda eng yaxshi natijani ko‘rsatib (431), oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni eronlik Humoyun Teymuryan (414) va Ramin Rabifaradonbeh (399) egalladi.

Foto: MOQ

Yengil atletika
200 m masofaga yugurish bo‘yicha yarim finalda ishtirok etgan Nigina Sharipova finalga yo‘llanma oldi. Final 18 may kuni o‘tkaziladi.

Paralimpiyachilar o‘rtasida 100 m masofaga yugurishda ishtirok etgan Mansur Abdurashidov esa marraga ikkinchi bo‘lib keldi va kumush medal sohibiga aylandi.

Sport kurashlari
Yunon-rum kurashi
-98 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Rustam Assakalov musobaqaning bronza medalni qo‘lga kiritdi. U bronza uchun kechgan bahsda pokistonlik raqibi Razani 9 soniyada mag‘lub etdi. Assakalov chorak finalda iroqlik Alxabbiyani mag‘lub etgan, lekin yarim finalda mezbonlar vakili Nuriyevga imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi.

Sportning shu turi bo‘yicha -59 kg vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan va finalga chiqqan Islombek Bahromov esa oltin ola olmadi. U Qirg‘iziston vakili Kanibek Jolchubekovga yutqazdi va kumush medal bilan kifoyalandi.

Foto: MOQ

-80 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Jonibek Otabekov esa birinchi bahsdayoq jazoirlik sportchiga yutqazib, ishtirokini to‘xtatdi.

Taekvondo WTF
Ayollar
67 kg vazn toifasidagi Nigora Tursunqulova birinchi bahsda pokistonlik Asiya Batulni yengdi, ammo final uchun bahsda ozarboyjonlik Farida Azizovaga 0:3 hisobida yutqazdi va bronza bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Foto: MOQ

+73 kg vazn toifasidagi Svetlana Osipova esa birinchi bahsda tojikistonlik Mohru Halimova ustidan g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Endi u finalga chiqish uchun eronlik Xudabandiga qarshi jang qiladi. 

Erkaklar
-80 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Maksim Rafalovich bronza medalini qo‘lga kiritdi. U birinchi bahsda qatarlik Ali Alarminiyni yenggandi, yarim final bahsida turkiyalik sportchi Yunus Sariga 5:7 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Foto: MOQ

+87 kg vazn toifasida dayanga chiqadigan Dmitriy Shokin bahslarga chorak finaldan qo‘shildi, u marokashlik Zuhair Barazzukka qarshi jang qilib, 24:4 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Endi u yarim finalda eronlik Ho‘sayn Qurbonzodaga qarshi chiqadi.

Tennis
Yakkalik bahslari
16 may kuni Sergey Fomin birinchi bosqichda malayziyalik M.Marzuqiyni 7:5, 6:1 hisoblarida yenggandi. Unga ikkinchi bosqichda turkmanistonlik Y.Rogusskiy raqib bo‘ladi.
Bugun Saida'lo Saidkarimov Mozambik vakili J. Eliasni 6:1, 6:0 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi. Unga ikkinchi bosqichda Saudiya Arabistoni vakili A.Alhaqbaniy raqib bo‘ladi.

Boks
Yarim final ishtirokchilari
-49 kg: Mironshoh Ibragimov
-52 kg: Abror Qodirov
-56 kg: Abdulxay Shorahmatov
-64 kg: Alyor Noraliyev
-69 kg: Bobo-Usmon Baturov

Mironshoh Ibragimov yarim finalda iroqlik Nosir Hasanga 2:3 hisobida yutqazdi.

-56 kg vazn toifasidagi Abdulhay Shorahmatov esa ozarboyjonlik Tayfur Aliyevni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. U finalda turkmanistonlik Meredov Yoqub bilan raqib bo‘ladi.

-64 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Alyor Noraliyev esa yarim finalda Qozog‘iston vakili Kuan Kuvvatov bilan mushtlashib, g‘olib keldi (5:0). Unga 18 may kungi final bahsida misrlik Muhammad Islom raqiblik qiladi.

-52 kg vazn toifasidagi Abror Qodirov ishonchni oqlay olmadi. Avvalgi bosqichda ozarboyjonlik Ma'sud Yusufzodani mag‘lub etgan Qodirov yarim finalda marokashlik Dara Abdullayiga yutqazdi va bronza medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Abror Qodirovning muvaffaqiyatsizligidan keyin ringga ko‘tarilgan Bobo-Usmon Boturov (69 kg) ishonchni oqladi. U suriyalik Ahmad Hussanni mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, finalga yo‘l olgan o‘zbekistonlik bokschilar soni 3 nafarga yetdi. 

O‘zbekiston boks terma jamoasi Bokuga 9 nafar bokschi bilan jo‘nab ketgandi. Ular orasidan 4 nafar bokschi: Ulug‘bek Do‘stmurodov (-60 kg), Mahmud G‘oipov (-75 kg), Madiyor Saidrahimov (-81 kg) va Sardor Begaliyev (-91 kg) medallar uchun kurashdan chiqib bo‘lgandi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘argan jami medallar soni 41ta (8ta oltin, 11ta kumush, 22ta bronza). O‘zbekiston 57 davlat ishtirok etayotgan turnirda medallar hisobi bo‘yicha Turkiya, Ozarboyjon va Erondan keyin to‘rtinchi o‘rinda. Turnirda qatnashayotgan terma jamoalarning 29tasi kamida bitta medal olgan.

Mavzuga oid