O‘zbekiston | 16:58 / 17.05.2017
11651
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Gulistonda amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihasi bilan tanishdi

Sirdaryoga tashrifi davomida prezident Guliston shahrida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi. 

«Mamlakatning barcha shaharlari qatori Guliston shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. 2015-2016 yillarda Guliston shahrining O‘zbekiston va Birlashgan ko‘chalarida 180 xonadonga ega 15 ko‘p qavatli uy qurildi. Uylarning birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga mo‘ljallangan», deyiladi O‘zA xabarida

Prezident shu uylar joylashgan «Namuna» mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi. Mahalla raisi va faollari bilan muloqotda mamlakatda inson manfaatlarini ta'minlash, odamlarning turmush darajasi va ishonchini oshirish, mahalla idoralarining imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotan islohotlar haqida so‘z yuritildi. 

Mazkur mahalla profilaktika inspektori Sanjar Murodov yaqinda Guliston davlat universiteti talabasi Hurriyatxon bilan oila qurgan. Prezident joriy qilgan tizimga muvofiq yangi qurilgan uylardagi xonadonlardan biri S.Murodov oilasiga berilgan. 

Davlat rahbari Sanjar Murodov xonadonida bo‘ldi. Fuqarolar yig‘ini binosida mahalla raisi, maslahatchilar va profilaktika inspektori ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Shu yerda Guliston shahrining bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Prezident bu inshootlarning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e'tibor qaratdi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilish ishlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid