22:22 / 17.05.2017
37037

O‘quv muassasalari harorati, eshik va devorlar rangi hamda o‘simliklar turlariga doir yangi qaror

2017 yil 10 may kuni Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalari o‘quv xonalarining xavfsizligiga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida 265-sonli qarorni qabul qildi. 

Unga ko‘ra, o‘rta-maxsus, professional hamda oliy ta'lim muassasalaridagi har bir o‘quv xonasida havoning nisbiy namligi salqin kunlarda - 18-22 daraja, iliq kunlarda 24-27 daraja issiq bo‘lishi kerak. Shuningdek, mikroiqlim parametrlarini ta'minlash uchun xonalar ventilyatsiya va isitish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi talab etiladi. Konditsioner tizimi (agar mavjud bo‘lsa) shunday joylashgan bo‘lishi kerakki, u o‘quvchilar hamda pedagoglar salomatligiga ziyon yetkazishi kerak emas. Tanaffus paytida xonalarni shamollatish zarur.

Hujjatga ko‘ra, o‘quv muassasalari devorlari och ranglarda (sariq, sarg‘ish, pushti, yashil, havorang) bo‘lishi kerak. Eshiklar uchun eng maqbul ranglar sifatida jigarrang yoki oq ranglar tanlangan. Deraza romlari esa oq rangda bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Kimyoviy laboratoriya xonalari poli kislotaga chidamli materiallardan bo‘lishi talab etiladi.

Bundan tashqari, o‘quv muassasalarida allergiyani keltirib chiqaruvchi hamda tikonli o‘simliklar, shuningdek ta'lim oluvchi va beruvchilarning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa o‘simlik turlarini saqlash taqiqlanadi. 

Hujjatda shuningdek yong‘in va elektr energiyasi xavfsizligi talablari ham belgilab berilgan.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U. Ro‘ziqulov zimmasiga yuklatildi.

Mavzuga oid
Top