O‘zbekiston | 13:10 / 18.05.2017
12835
2 daqiqa o‘qiladi

LUKOYL O‘zbekistonda 40 mlrd kub metr gaz qazib oldi

Foto: RIA "Novosti"

O‘zbekistonda LUKOYL kompaniyasi tomonidan qazib olingan jami tabiiy gaz hajmi 40 mlrd. kub metrdan oshib ketdi. Bu haqda Rossiya kompaniyasining Toshkentdagi ofisida xabar berishdi.

«Bugungi kunda «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» tomonidan amalga oshirilayotgan barcha loyihalarda tabiiy gazni jami qazib olish hajmi 40 mlrd. kub metrdan oshib ketdi. Asosiy hajm Buxoro viloyatidagi Xauzak-Shodi konida qazib olindi (taxminan 82 foiz)», - deyiladi kompaniya materialida.

Ta'kidlab o‘tish joizki, 2017 yilda LUKOYLning O‘zbekistonda gaz qazib olishni boshlaganiga 10 yil to‘ladi. Rossiya kompaniyasi bu vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotiga 5,2 mlrd. dollar miqdorida sarmoya kiritdi.

LUKOYL o‘rta muddatli istiqbolda bir yilda qazib olinadigan gaz hajmini 16 mlrd. kub metrlik darajadan oshirish va mahsulotni ajratish haqidagi kelishuvning amal qilish muddati davomida taxminan 330 mlrd. kub metr gaz hamda taxminan 6 mln. tonna suyuq uglevodorod qazib olishni rejalashtirgan.

LUKOYL O‘zbekiston hududidagi faoliyatini «Qandim-Xauzak-Shodi-Qo‘ng‘irot» va «Janubi-G‘arbiy Hissor» loyihalari bo‘yicha mahsulotni ajratish haqidagi kelishuv asosida olib bormoqda.

Kompaniyaning yirik loyihasi – Qandim gazni qayta ishlovchi zavod majmuasining qurilishi va bu yerdagi konlari guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

Ishlab chiqarish hajmi yiliga 8,1 mlrd. kub metr gaz bo‘lgan majmua mintaqadagi eng yirigiga aylanadi. U  vodorod sulfidga ega bo‘lgan gazni tozalangan tabiiy gaz, barqaror gaz kondensati va oltingugurt parchalarini olish maqsadida qayta ishlash imkonini beradi.

Mavzuga oid