Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Arab NATOsi» va Eron. Trampning Saudiyaga tashrifi navbatdagi vayronkor urushni keltirib chiqaradimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp bugun Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyozda ikki sammitda ishtirok etadi. Oq uy rahbari 20 may kungi muzokaralar va ko‘pmilliardli kelishuvlardan keyin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz as-Saud bilan an'anaviy arabcha raqsga (qilich bilan arda raqsi) tushishga ham ulgurgandi. U shuningdek, xorij safarining ilk kunida Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi (Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon, Bahrayn, BAA va Kuvayt) rahbari bilan ham uchrashdi.
Asosiy mavzular
Tramp Saudiya-AQSh sammiti doirasida umumiy muzokaralardan tashqari, Kuvayt, Bahrayn, Qatar, Ummon bosh vaziri o‘rinbosari, shuningdek, Misr prezidenti bilan uchrashadi. Sammitdagi asosiy mavzular arab monarxlari hamda Vashington o‘rtasida terrorizmga qarshi blok tuzish, Eronning mintaqadagi siyosati, Yamandagi vaziyat, Suriya va Iroq inqirozi hamda iqtisodiy kooperatsiyalar bo‘ladi. Yig‘ilish yakunida Tramp ma'muriyati hamda Fors ko‘rfazi bo‘yidagi davlatlar hamkorligi bo‘yicha rasmiy bayonot beriladi.
Yaqin Sharq inqirozi va aksilterror masalalari muhokamasi birinchi sammitda kengaytirilgan tartibda o‘tkaziladi. Unda arab davlatlari rahbarlaridan tashqari, qirol Salmonning taklifiga ko‘ra musulmon davlatlar rahbarlari ham ishtirok etadi. Bundan avvalroq, Saudiya Arabistoni TIV rahbari Odil al-Jubayr ma'lum qilganidek, Saudiya poytaxtida 37 davlat rahbari hamda 6 nafar bosh vazir kutilmoqda.
Eron: quruq gap emas, amaldagi ish kerak
Eron siyosati mavzusi AQSh va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining yakuniy matbuot-anjumanidagi eng asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifi Erondagi prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr jurnalistlarning Hasan Ruhoniyning yana bir muddatga Eron prezidenti etib saylanganidan nimalar kutish kerakligi haqidagi savollariga «Erondagi saylov va Ruhoniyning qayta saylanishi bu ularning ichki ishidir, bizni alohida shaxslar emas, bu davlatning muayyan harakatlari ko‘proq qiziqtiradi», deb javob berdi.
Al-Jubayr Tehronni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda va mintaqadagi ishlarga aralashuvda aybladi. «Eron arab davlatlari ishlariga aralashmoqda va terrorchilikni qo‘llab-quvvatlamoqda, u eng yirik terrorchilik tashkiloti «Hizbulloh»ni yaratgan. Ular Suriya va Yamandagi terrorchilarni moliyalashtiradilar, jumladan mening davlatimda teraktlar sodir etganlar. Bu yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari bilan hech qanday umumiy jihatga ega emas, bu normal munosabatlar istayotgan davlatning xatti-harakatlariga mutlaq xos emas», deb aytdi Al-Jubayr.
«Biz dunyoni, xalqaro huquqni hurmat qiladigan va boshqalar ishiga aralashmaydigan Eronni ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Biroq biz ko‘rayotgan Eron mutlaq o‘zgacha», deb qo‘shimcha qildi Al-Jubayr. U shu sababli Eronga yangi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.
AQSh davlat kotibi Reks Tillerson, o‘z navbatida, AQSh arab qirolliklari Eron ta'siriga qarshi tura olishlari uchun ularning mudofaa salohiyatlarini mustahkamlash istagida ekanligini aytdi.
Falastin masalasi
Xalqaro kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, kun tartibida Falastin va Isroil ziddiyati muhokamasi ham o‘rin olgan. Tramp Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘iga borishi va isroillik hamda falastinlik yetakchilar bilan muhokamalar o‘tkazishni rejalashtirgani ham shundan dalolat beradi.
Qayd etish kerakki, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abu al-Geyt ham Arab-Islom-Amerika sammitiga taklif etilgan. Liganing shu yil martida Iordaniyada o‘tkazilgan sammitida hamjamiyat Vashingtonning bu masaladagi aniq pozitsiyasini bilish istagida ekani ma'lum bo‘lgandi. Sammitning yakuniy deklaratsiyasida Falastin muammosini hal qilish arab davlatlarining bosh maqsadi ekani qayd etilgandi.
Ekstremizm bilan kurash markazi
Arab-Islom-Amerika sammiti yakuniga ko‘ra, saudiyaliklar qiroli va amerikaliklar prezidenti ekstremistik g‘oyalar bilan kurashish bo‘yicha global markaz (The Global Center for Combating Extremist Ideology, GCCEI) ochishni rejalashtirgan. Uning asosiy vazifasi ekstremizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish bo‘ladi.
Markaz terrorchilik guruhlarining kiberkenglikdagi harakatini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi, tashviqotchilarni, yollovchilarni va a'zolarni aniqlaydi. GCCEI birinchi galda «Al Qoida» va IShIDga qarshi kurashadi. Ar-Riyod bu loyihaga millionlab dollarlar investitsiya qilishga rozi.
«Arab NATOsi»
Ar-Riyoddagi uchrashuvlarning asosiy mavzusi Vashington ko‘magida harbiy alyans tuzish masalasidir. OAVda buni «Arab NATOsi» deya atay boshlashdi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi havoda, suvda va quruqlikda terrorizmga qarshi kurash olib borish bo‘ladi.
Saudiya Arabistonidan tashqari, bu yangi koalitsiya tarkibida Misr, BAA va Iordaniya harakatlanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, unga Turkiya, Pokiston, Malayziya va Afrikadagi musulmon davlatlari ham kirishi mumkin. Shu tufayli alyansga «Arab NATOsi» deya nom berishmoqda. Ushbu harbiy ittifoqqa taklif etiladigan davlatlar soni 30ga yaqin. «Arab NATOsi» o‘z harakatlarini dunyodagi superqudratli davlatlar, hududiy va mintaqaviy birlashmalar bilan muvofiqlashtirgan holda olib boradi.
Shu bilan birgalikda bu tashkilotning tuzilishidagi «shaffoflik» masalasi javoblardan ko‘ra savollarni ko‘proq keltirib chiqmoqda. «Arab NATOsi» tashkil etish g‘oyasi ko‘p yillardan beri mavjud edi, ammo oxirgi vaqtlarda bu g‘oyani Vashingtondagilar faol qo‘llab-quvvatlay boshladi. Endilikda tahlilchilarning qayd etishicha, bu konsepsiya AQShning tashqi siyosatdagi yangi yo‘nalishiga to‘la mos keladi. Amerikaliklar hududda yanada mustahkamlanib olmoqchi. Saudiya Arabistoni poytaxtida shanba kuni imzolangan harbiy sohadagi yirik shartnomalar shundan dalolat beradi.
AQSh ushbu koalitsiyada tashkilotchi va ko‘makchi bo‘lishi ravshanlashmoqda. Amerikaliklar bu koalitsiyani razvedka ma'lumotlari bilan ham qo‘llab-quvvatlab turadi, alyansdan tashqarida turib, uni to‘la qurollantiradi. Shu bilan birgalikda, Oq uydagilar hali bu borada qilinadigan ishlar ko‘p ekanini aytishmoqda.
Tanqidchilarni shuningdek, tashkilot a'zolari ham shubhaga solmoqda. Masalan, unga Turkiya yoki Qatar jalb etilishi arab dunyosidagi eng yirik armiyaga ega bo‘lgan Misrning ijobiy reaksiyasiga olib kelmasligi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birgalikda xalqaro kuzatuvchilar ishonch bildirishicha, sunniylar tashkilotining asosiy vazifasi terrorzimga qarshi kurash emas, Eronning Suriya, Iroq va Yamandagi ta'sirini kengaytirishiga qarshi turishdir. Ekspertlarning hisoblashicha, bunday yirik harbiy tuzilma shialarning ham jiddiy e'tiroziga sabab bo‘ladi va kelgusida vayronkor urushlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mavzuga oid
13:35 / 18.06.2026
AQSh-Eron prezidentlari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
10:00 / 18.06.2026
Tramp: Eron bilan kelishuv hali yakunlangan emas
09:25 / 18.06.2026
Obama va Trampning Eron bilan kelishuvlari nimasi bilan farq qiladi?
23:07 / 17.06.2026