Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lola Tillayeva-Karimova "The Harmonist" brendi, hayotdagi asosiy maqsadi va xayriya fondi faoliyati haqida
Soma nashri YuNeSKO elchisi Lola Tillayeva-Karimova bilan kechgan suhbat matni bilan bo‘lishdi. Muallif Zi Chang uning bir qator ijobiy fazilatlarini sanab o‘tish bilan birga xayriya fondidagi faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.
"U ikki yirik xayriya fondiga asos solgan: yetim hamda nogiron bolalarga yordam berishga mo‘ljallangan "Sen yolg‘iz emassan" va "Bolalar adaptatsiyasi markazi". Shuningdek u yosh va qobiliyatli sportchilar ravnaqi uchun xizmat qiluvchi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasida ham o‘z o‘rniga ega. Yoshlar borasida qayg‘urish Lolaning hayotiga ham o‘tgan - u 3 nafar farzandning onasi.
Lola Tillayeva-Karimovaning zamonaviy "The Harmonist" xushbo‘y iforlar uyi alkimyo laboratoriyasini yodga soladi: shiftdan tushgan "globus"lar ichida o‘simliklar osig‘liq, baland qora marmar ustunlar shiftgacha ko‘tarilgan. Har bir ifor insonning o‘ziga xos jihatlari, shaxsiy qarashlari va ehtiyojlaridan kelib chiqadi", - deyiladi so‘z boshida.
- Siz elchi bo‘lishingizni oldindan rejalashtirganmisiz yoki buni keyinroq hayotingiz davomida kashf qildingizmi?
- Men YuNeSKO vakili ekanimdan juda faxrlanaman. Zero bu tashkilot insoniyat madaniy merosi muhofazasi bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshiradi hamda mamlakatlarga ta'lim olishning samarali, adolatli va inklyuziv usullarini yaratishda yordam beradi. Biroq elchilik - hayotimdagi asosiy maqsadim emas. Mening bosh maqsadim - xayriya ishlari.
Men ilk marta Toshkentdagi bolalar uyiga borganimni yaxshi xotirlayman. O‘shanda 18 yosh bo‘lganman, universitet talabasi. Bolalarning qiyinchiliklarini kuzatish menga qattiq ta'sir ko‘rsatgan va aynan shu yerda men shunday kichik yoshda ota-ona qaramog‘isiz, mehr-muhabbatisiz hamda qo‘llab-quvvatlashisiz qolgan bolalarga imkon qadar yordam berishni o‘zimga maqsad qilganman.
Mening birinchi xayriya tashkilotim - "Sen yolg‘iz emassan" fondi faoliyati bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga o‘qish, har tomonlama rivojlanish, g‘amxo‘rlik qilish va eng asosiysi, ularning o‘zlarini kerakli his qilishlari uchun imkoniyatlar taqdim etishga yo‘naltirilgan.
- Boshqa mamlakatlar va madaniyatlar bilan ko‘prik qurishda qanday qiyinchiliklar bilan to‘qnashish mumkin? Inson tabiatida o‘zaro devorlar qurishga majbur qiluvchi fundamental jihatlar bormi?
- Fikrimcha, qadim-qadimdan odamlarda muayyan bir jamiyat, millatga taalluqli ekanini his qilish istagi mavjud va aksincha, insonning kuch-qudratini namoyon qilishga intilish ko‘p sonli urushlarga olib keladi, natijada dunyo xalqlari bir-biridan uzoqlashib ketadi.
Biz insonlar ongining sekin-asta o‘zgarishiga guvoh bo‘lmoqdamiz va o‘ylaymanki, biz butun insoniyatni birlashtiruvchi qadriyatlarga e'tibor qaratishda davom etamiz. Madaniyat, din yoki til orasidagi tafovutlarga emas. Ishonchim komilki, insonlar birlashib, madaniy meros va go‘zal an'analarni o‘zidan keyingi avlodlarga yetkazishadi.
- Gumanitar muammolar masalasiga qanday munosabatdasiz?
Men o‘zimning tajribamni siz bilan ulashishim mumkin - yordamingiz tekkan kishining ko‘zidagi quvonchni ko‘rish ulkan baxt. Birovga yaxshilik qilib, biror masalada yordam berib, ijobiy quvvat olasiz. Yaxshilik qilish istagining o‘ziyoq insonni baxtli qilishga intilishdir. Odamlar tashqi ko‘rinishlari haqida ko‘p qayg‘urishadi, xushbichim bo‘lish uchun turli mashqlar bajarishadi, biroq shuni unutmaslik lozimki, ularning qalbi ham shunga muhtoj.
- Sizning shaxsiy hayotingiz va falsafangiz "The Harmonist" rivojiga qanday ta'sir ko‘rsatdi va bu brendga asos solishga nima turtki berdi?
Men insonlarga ichki uyg‘unlikni topishda yordam berish imkoniga ega bo‘lish uchun "The Harmonist" brendini yaratdim. Biz ichki uyg‘unlik orqali real hayotimizni yaratamiz. Ichki xotirjamlikka ega inson o‘z atrofida shunga hamohang muhit yaratish va yaqinlariga baxt ulashish xususiyatiga ega bo‘ladi.
- Hayotda muvozanatni saqlash borasida shaxsiy usulingiz bilan bo‘lisha olasizmi?
- Men tabiat qo‘ynida bo‘lishni yoqtiraman, chunki tabiat bag‘rida insonlar hayotiy quvvatini to‘liq tiklay oladi. Ba'zan shunchaki ochiq havoda uzoq sayr qilish sizni ortiqcha stress va bezovtalikdan xalos qilishi mumkin. "Insonlar iflos qilmaydigan joy toza bo‘ladi" degan ma'noni anglatuvchi maqol bor. Men insonlarning ichki olamiga nisbatan ham shu maqolni qo‘llagan bo‘lardim. Insonning o‘zi bilan o‘zi uyg‘unlikda bo‘lishi va salbiy hissiyotlari hamda o‘y-xayollarini nazorat qilish istagi ichki garmoniyaning kalitidir.
Bizning butik yoki theharmonist.com saytiga tashrif buyurib, o‘zingizning personal iforingiz haqida ma'lumot olishingiz mumkin.
Mavzuga oid
11:59 / 04.06.2026
“Ta’limga tashxis qo‘yadigan odam yo‘q” – Abdurahmon Tashanov
09:43 / 23.04.2024
Xorijga ketgan yoshlarning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda
14:31 / 04.12.2020
«Sobiq ittifoq tibbiyoti asosida yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi» - Kuvaytdagi shifokor bilan suhbat
17:55 / 12.07.2019