Jahon | 10:40 / 21.05.2017
4322
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada atom elektrostansiyalarni qurishdan voz kechish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmoqda

Foto: Reuters

Shveytsariyada 21 may kuni yangi atom elektrostansiyalarni qurishdan voz kechish va jadal ravishda tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmoqda. Bu choralar hukumat tomondan taklif qilingan va o‘tgan yil parlament tomondan ma'qullangan, umummilliy referendumga qo‘yilgan "Energetik strategiya-2050" dasturida ko‘zda tutilgan.

Hozirda Shveytsariyadagi 5 ta AES mamlakatda iste'mol qilinadigan elektr energiyaning uchdan bir qismini ta'minlasa-da, hukumat ularni bosqichma-bosqich yopish kerakligini aytmoqda hamda gidroelektrostansiyalar, shamol generatorlari, quyosh va geotermal qurilmalarni qo‘llashni iqtisodiy rag‘batlantirishni taklif qilmoqda.

Dasturga ko‘ra energiya iste'moli 2050 yilgacha 2010 yilga nisbatan 2 martaga kamayishi kerak. Uning maqsadi mamlakatning xorijdan sotib olinuvchi uglevodorodlardan tobeligini kamaytirish va energetik xavfsizligini ta'minlashdan iborat.

Dasturga qarshi chiqayotganlar yangi energiya manbalariga o‘tish soliq to‘lovchilarga 200 mlrd frankka (deyarli 200 mlrd dollar) aylanishini, bu esa 4 kishidan iborat oilaga har yili 3200 frankdan tushishini aytmoqdalar. Bundan tashqari, ular bu jarayon mamlakat o‘zini elektr energiya bilan ishonchli ta'minlay olmasligi va uni katta miqdorda import qilishga olib kelishidan va demakki, mamlakatning boshqa davlatlardan tobeligi yanada kuchayishidan xavotirlanmoqdalar.  

O‘tgan yil noyabrdagi referendumda shveysariyaliklar AESlarni tezkorlik bilan yopish taklifini rad etishgandi. Bu tashabbusni bildirgan "yashillar" partiyasi barcha 5 ta AES ishini 45 yil bilan cheklashni taklif qilgandi. Biroq bu taklifga 54,2 foiz fuqarolar qarshi chiqqandilar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid