08:29 / 21.05.2017
4349

O‘rta yer dengizida 3 kun ichida 4 mingdan ko‘proq muhojir qutqarib qolindi

Foto: AP Photo / Santi Palacios

O‘rta yer dengizida bir qator qutqaruv operatsiyalari davomida 3 kun ichida 4 mingdan ko‘proq muhojir qutqarib qolindi, deb xabar bermoqda Italiya sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati.

19 may va 20 mayga o‘tar kechasi o‘tkazilgan qutqaruv operatsiyalari davomida 2121 kishi qutqarib qolingan. Ular orasida 1,5 oylik chaqaloq ham bo‘lgan, unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilgan.  Bundan tashqari, muhojirlar Yevropaga yetib olmoqchi bo‘lgan 17 ta qayiqdan birining bortida bir kishining jonsiz tanasi topilgan.

18 may kuni qutqarilganlar soni 2,3 ming kishini tashkil qildi. Yevropa Ittifoqining O‘rta yer dengizidagi harbiy-dengiz missiyasining Italiya sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati EunavforMed va bir qator nohukumat tashkilotlari kemalari ishtirokida o‘tkazilgan 22 ta operatsiya davomida yordam ko‘rsatilgan.   

Xalqaro migratsiya tashkilotining ma'lum qilishicha, joriy yilda Yevropaga dengiz yo‘li bilan 54 mingdan ko‘proq qochqin yetib kelgan. Shu bilan birga 1,3 mingdan ko‘proq odam dengizni kechib o‘tish vaqtida halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Ko‘pchilik muhojirlar (85 foiz) Italiyaga yo‘l olganlar.  

Italiya ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, yanvar boshidan Italiyaga 45 mingdan ko‘proq muhojir kelgan, bu esa o‘tgan yilning shu davridagidan 44 foiz ko‘proqni tashkil qiladi.    

Top