16:04 / 23.05.2017
4287

Abdulaziz Komilov Yevroparlament delegatsiyasi bilan uchrashdi

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentga tashrif buyurgan Yevropa parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha kichik qo‘mitasi delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiya tarkibidan deputatlar Yozef Vaydenholzer (Avstriya), Klaus Buxner va Yoaxim Zeller (Germaniya) o‘rin olgan.

Yevropa deputatlari tashrifi dasturidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘rin olgan.

TIVda bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Yevroparlamentning Inson huquqlari bo‘yicha kichik qo‘mitasi kun tartibiga kiruvchi sohalarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari bo‘yicha qo‘shma kichik qo‘mita va Inson huquqlari bo‘yicha muloqotning alohida mexanizmining O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi shaklidagi muntazam majlislari hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan tizimli va konstruktiv asosda fikr almashish imkonini yaratadi.

Deputatlar iltimosiga binoan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida Yevropa tomoniga ma'lumot berildi. Demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan izchil harakatlar islohotlarning ajralmas qismi hisoblanishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Suhbatda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi boshlig‘i, elchi Eduards Stiprays ishtirok etdi.

Top