Jamiyat | 22:26 / 23.05.2017
40719
6 daqiqa o‘qiladi

Prezidenti bilan faxrlanadigan haydovchi

Haydovchining yonida o‘tirib kelayotgan yo‘lovchi bilan dildan suhbatlashayotgani e'tiborimni tortdi. Chunki gap jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, siyosat, Prezident haqida edi. 

«Prezidentimizning jonkuyarligi, talabchanligiga gap yo‘q. Avval xalq ichida yurgani uchun qayerda muammolar borligini yaxshi biladi. Shularni bartaraf etishga kirishgan hozir».

Uni jon qulog‘i bilan eshitib kelayotgan hamrohi tinmay bosh silkitib, bu gaplarni ma'qullaydi.

«Xitoyga borgani haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rdingizmi? Qancha pulga shartnoma qilib kelganinini eshitdingizmi?», deb savol qiladi-yu, yana sabri yetmay bu savollarga o‘zi javob bera ketadi: «Hurmatini joyiga qo‘yib kutib olishdi. 23 milliard dollarlik investitsiya kiritishga oid shartnoma imzolandi. Buning zamirida xalqimiz manfaatlariga mos qancha yaxshi ishlar amalga oshadi endi!».

«Shu yerdan o‘tib ketayotganimda mana shu haykalning ochilishi bo‘layotgandi», deydi u yaqinda ochilgan Maxtumquli ko‘chasidagi ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli me'moriy yodgorligini ko‘rsatib. «Keyin bilsam bu turkmanlarning ulug‘ shoirlaridan biri ekan. Prezidentimizning Turkmanistonga safari oldidan shu ish bo‘lgani yaxshi bo‘ldi-da. Endi ular bilan do‘stligimiz yanada mustahkamlanadi. Avval ham shu davlatga borib, qancha xayrli ishlarni boshlab kelgandi. Bu safar undan ham yaxshi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlayotgani juda quvonarli ish bo‘layotir».

Sal o‘tib suhbatdoshi tushib qolgach, haydovchi jim bo‘lib qoldi. Lekin men uning fikrlarini yana eshitgim kelar, kimligi, qanday insonligi haqida qiziqib qolgandim.

«Suvsoz - Markaziy universal magazini» oralig‘ida qatnaydigan 145-yo‘nalishli taksi nihoyat so‘nggi bekatga kelib to‘xtadi. Menda haydovchini bafurja suhbatga tortish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu insonning zamon bilan hamnafasligi bejiz emas, uning ismi Zamon aka ekan. 

- Zamon aka, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib borar ekansiz. Qaysi jihatlar sizga ko‘proq ma'qul?

- Prezidentimizning har bir ishi xalqning manfaatiga qaratilgan. Ularning hammasini ma'qullayman. Shunday bo‘lishini bundan sakkiz yil oldin taxmin qilgandim. O‘shanda u kishini bir ma'rakada ko‘rib, gap-so‘zlariga, xatti-harakatlariga e'tibor berib, qanday davlat rahbari bo‘lishini tasavvur qilgandim. Bu insondagi samimiylik, xalqparvarlik, harakatchanlik kabi fazilatlar faoliyatiga ko‘rk berishiga ishongandim. Prezident saylovi payti kuchim yetgancha men ham Shavkat Miromonovichga ovoz beraylik, deb odamlarga targ‘ibot qilganman. Saylovda g‘olib chiqqanida men hammadan ko‘proq quvondim. Mana, hozir Prezidentimiz amalga oshirayotgan har bir ishni diqqat bilan, faxr bilan kuzatib boryapman.                 

- Yashash sharoitingiz, ish faoliyatingizda muammolar bormi?

- Shunday tinch yurtda yaxshi yashayapmiz. Uch farzandim kamolga yetayotir. Buning uchun doim shukr qilaman. Yashnobod tumanining Tolariq ko‘chasida oilam bilan istiqomat qilaman. Sharoitlarimiz yaxshi, biroq kanalizatsiya masalasida ozgina muammo bor. Shaharda  yashasang-u shu narsa bo‘lmasa yaxshi emas-da. Buning uchun harakatlar bor, lekin bitay demaydi. Hamma o‘z ishini vaqtida qilsa yaxshi bo‘lardi. Prezidentimiz ham doim shunday talab qo‘yyapdi-ku. Ayniqsa, bizning tumanga kelganda qancha muammolarni ko‘rsatib berdi. Shuni mutasaddilar kutib o‘tirishi shartmi o‘zi?  Ishimga kelsak, hammasi joyida. O‘z kasbimni yaxshi ko‘raman. Qariyb o‘ttiz yil bo‘lyapdiki, shu kasb orqasidan ro‘zg‘or tebrataman. Ha, aytganday, yaqinda Jizzaxda yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi, deb eshitib qoldim. Juda yaxshi tashabbus! Bu bizga ham, odamlarga ham katta qulaylik yaratadi. Ichki yo‘llarimiz yaxshilansa, yangi transportda yo‘lovchi tashisak, bu odamlar uchun “komfort” degani!

Zamon Madatov bilan xayrlasharkanman, undagi samimiyat, vatanparvarlik dilimni yoritdi. U yurtini chin dildan sevadigan inson bo‘lgani uchun ham jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq emas, menimcha. U bemalol boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydi! Axir ko‘p hollarda jamoat transportini boshqarayotgan haydovchilar odamlar bilan oddiy insoniy muomala qilishni o‘ziga ep bilmasligi yoki "plan"dan boshqa narsani o‘ylamay boshqa sheriklari bilan "quvlashmachoq" uyushtirib, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishiga guvoh bo‘lmaganlar kamdan-kam topiladi.

Haydovchilar orasida Zamon akaday odamlarning borligi esa bu kasb sohiblariga boshqalarning hurmatini oshiradi. Boshqa tomondan oddiy odamlarning jamiyatda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan xabardorligi ularning dunyoqarashi o‘zgargani, yurtimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi kuchaygani dalolatidir.

Muattar Ro‘ziboyeva,

O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi     

Mavzuga oid