23:28 / 23.05.2017
12337

JSST yangi rahbari nomi e'lon qilindi

Foto : Wikipedia/Yann Forget

Efiopiya nomzodi Tedros Adanom Gebreisus seshanba kuni ovoz berishning uchinchi bosqichida g‘olib bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. 

JJSTning yangi bosh direktori saylovlarida ovoz berish jarayoni Jyenevada yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, "poyga"dan Pokiston vakili Sanya Nishtar chetlatildi. Buyuk Britaniya nomzodi Devid Nabarro va Efiopiya nomzodi Tedros Adanom Gebreisus kurashni davom ettirishdi. 

Ikkinchi bosqichda 121 ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Gebreisus yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Naborro esa 62 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Qoidaga ko‘ra, ikkinchi bosqichda g‘olib JSST a'zolarining uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llanishi kerak edi. 

Uchinchi raundda g‘alaba uchun aksariyat ovozlarni to‘plash zarur edi. Gibreisus 133 ovoz to‘plab, 50 ovozga ega bo‘lgan Nabarrodan o‘zib ketdi va JSSTning yangi raisi etib tayinlandi. 

Shuni ta'kidlash joizki, Efiopiya nomzodi 2005-2012 yillarda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziriligini boshqargan. 

51 yoshli Gibreisus JSSTni boshqaruvchi birinchi Afrika vakili hisoblanadi. 

Gibreisus joriy yilning 1 iyulidan JSSTning bosh direktori lavozimiga rasman kirishadi. JSSTning amaldagi bosh direktori Margaret Chenning ikkinchi vakolat muddati 2017 yilning 30 iyunida tugaydi. 

JSST bosh direktori uchun ovoz berishning so‘nggi bosqichi yakunlari:

Ovoz berish huquqiga ega - 186 mamlakat;
Qatnashdi - 183 mamlakat;
Tedros Gebreyyezus (Efiopiya) - 133 mamlakat;
Nabarro (Britaniya) - 50 mamlakat.

Bundan avval 22 may kuni  JSSTning yuqori organi hisoblanuvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70-sessiyasi ochilishi hamda unda O‘zbekiston delegatsiyasining  ham qatnashayotgani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzuga oid
Top