Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin 16 kishi bo‘lib 300 jangarining hujumini qaytara olgan harbiylarni shaxsan o‘zi taqdirladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z va'dasida turib, Suriyada ozchilik bo‘lib ko‘p sonli jangarilarning hujumiga 2 kun davomida qarshilik ko‘rsata olgan rossiyalik maxsus jangchilarni shaxsan o‘zi mukofotladi. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.
"Davlat rahbari 24 may kuni va'da berganidek, Suriyaning Halab viloyatida jasorat ko‘rsatgan maxsus jangchilarni shaxsan o‘zi mukofotladi", deb ma'lum qildi Peskov.
Peskov rossiyalik jangchilar ikki kun davomida ko‘plab jangarilarning hujumini qaytarib, frontning bir qismini daxlsiz qoldirishganini ma'lum qildi.
Uning aytishicha, "tushunmovchilik sababli suriyalik harbiylar frontning bu qismidan chekinib, rossiyalik jangchilarni yolg‘iz qoldirib ketishgan".
10 may kuni Rossiyaning "Birinchi kanal" va "Rossiya-24" telekanallari Maxsus operatsiyalar kuchlarining 16 nafar zobiti Halab viloyatida aviatsiyaga nishonlar koordinatalarini berish uchun frontning old chiziqlariga chiqishganini ma'lum qilgan. Harbiylarga u yerda jangarilar hujum qilgan. Rossiyalik harbiylar "Grad" qurilmalari, artilleriya, minomyotlar va tanklardan o‘qqa tutilgan. Rossiyalik jangchilar hujumni qabul qilishga qaror qilishib, 2 kun davomida 300 jangari bilan tengma-teng olishishgan. Ular dushmanning tankini, ikkita jangovar mashinasi va terrorchi-xudkush boshqarayotgan portlovchi modda bilan to‘ldirilgan avtomobilni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Oxir-oqibat jangarilar chekingan, rossiyalik harbiylar esa jangdan birorta yo‘qotishsiz chiqishga muvaffaq bo‘lishgan. Rossiyalik jangchilar sardorining aytishicha, ularga "Jibhat an-Nusra" jangarilari hujum qilgan. Sardor terrorchilar jiddiy jihozlangani, ular oldidan xorijiy tibbiy vositalar topilganini ma'lum qilgan.
Ushbu jangda ishtirok etgan barcha harbiylar oliy davlat unvonlariga, guruh sardori esa Rossiya qahramoni unvoniga taqdim qilingan.
"Birinchi kanal" o‘z efirida Putinga Rossiya mudofaa vazirligi taqdim qilgan, harbiylarga unvonlar berilishi haqidagi hujjatni ko‘rsatgan. Uning ustida Putinning "Roziman. Shaxsan taqdirlayman" degan tasdiqlovchi rezolyutsiyasi bo‘lgan.