21:00 / 25.05.2017
4354

Merkel va Obama terrorizm hamda migratsion inqirozni muhokama qildi

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Angela Merkel va AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Berlinda Yevangeliya cherkovidagi bayramda ishtirok etishdi. AQSh prezidenti demokratiya va kelajak mavzusidagi muhokamada ham ishtirok etgan. Merkel va Obama Brandenburg darvozasida o‘rnatilgan sahnada chiqish qilishgan.

Marosim ochiq havoda, o‘n minglab berlinliklar qarshisida bo‘lib o‘tgan. Bu marosimning xavfsizligini ta'minlash uchun 2 ming politsiyasi safarbar qilingan.

Ikki siyosatchi sog‘liqni saqlash va immigratsiya sohalaridagi muammolarr xususida gaplashishgan, ular muhokama vaqtida AQShning hozirgi prezidenti Donald Trampni eslashmagan.

Shu bilan birga uning xalqaro maydondagi vaziyat bo‘yicha bildirgan fikrlari uning Tramp bilan hamfikr emasligini ko‘rsatgan.

Migratsiya inqirozi
Obama Yaqin Sharq mamlakatlaridan Germaniyaga kelgan yuz minglab qochqinlar haqidagi savolga javob qaytargan. U davlat rahbari sifatida qochqinlar masalasida muayyan pozitsiyada bo‘la olmaganini qayd etgan.

"Chegaraning narigi tomonidagi bolalar ham mening farzandimdan kam bo‘lmagan mehr va muhabbatga haqli. Ammo davlat rahbari sifatida men cheklangan resurslarni hisobga olgan holda fuqarolar oldida mas'uliyatli bo‘lishim kerak", degan Obama.

Merkel esa Germaniyadan rasmiy qochqin maqomida bo‘lmaganlarni chiqarib yuborish zarurligi haqida gapirgan.

"Aytishim mumkinki, mamlakatda qochqinlarga hamdard va ularni qabul qilishni yoqlovchi yuz minglab, millionlab kishi bor", deya gap boshlagan Merkel.

U qochqinlarni qabul qilish jarayonida "boshqa muammolar" yuzaga kelishi haqida gapirgan.

U Afg‘onistondan kelgan qochqinlarni deportatsiya qilish masalasi haqidagi savolga javob qaytara turib, buni "juda qiyin mavzu" deb atagan.

"2015 yilda qochqinlar oqimi katta bo‘lgani tufayli biz vaziyatni nazorat qila olmay qolgandik, natijada boshpana so‘rab kelganlar darhol joylarga yuborilgan. Afg‘onistondan kelganlarning yarmi qochqin maqomini olishga asosi bor. Vaziyatdan chiqish uchun kim boshpana olishga haqli ekanini aniqlash jarayonini tezlashtirish kerak. Biz aynan kim yordamga muhtoj ekanini yaxshilab o‘rganishimiz kerak", - deya qayd etgan Merkel.

Kantsler O‘rta Yer dengizidagi vaziyatni "halokatli" deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, nemis harbiylarining o‘zi oxirgi yillarda dengiz orqali Yevropaga o‘tib olishga urinish chog‘ida falokatga duch kelgan 20 ming kishini qutqargan.

U qochqinlarni Yevropaga tashish bilan shug‘ullanuvchi mafiya tizimlariga qarshi kurashni ham kuchaytirishga chaqirgan.

"Odam savdosiga qarshi kurash" mavzusi haqida Obama ham gapirgan. U G‘arb mamlakatlari rahbarlari o‘z fuqarolari oldida mas'ul ekanini qayd etib, migratsiya inqirozini hal etish zarurligini ta'kidlagan. Sobiq prezident qochqinlar kelayotgan mamlakatlardagi sharoitlarni yaxshilash zarurligiga e'tiborni qaratgan.

Terrorizm bilan kurash
"Qarshimizda bizning hayot tarzimizni yo‘q qilish istagida bo‘lgan dushmanlar. "Sovuq urush" davrida ishlagan mexanizmlar endi eskirdi. Bu usullar terrorchi guruhlarga qarshi samara bermaydi. Ular boshqa odamlarning tinchini buzish uchun jonini qurbon qilishga tayyor odamlardir. Buni kechagina Manchesterda ham kuzatdik", deydi Merkel.

Kantsler yangi harbiy texnologiyalardan foydalanish zarurligini aytib, dronlarni misol keltiradi.

Obama Manchesterdagi teraktni "qo‘rqinchli zo‘ravonlik" deb baholagan. U terrorizmga qarshi kurash "ma'lum davlatga qarshi emas, soyaga yashiringan odamlarga qarshi kurash" ekanini ma'lum qilib o‘tgan.

Unga amerikaliklar terrorizmga qarshi kurashda qo‘llaydigan qurollar tinch aholi vakillari bo‘lgan ko‘plab kishilarning ham hayotiga zomin bo‘layotgani haqida savol bilan murojaat qilishgan. Obama o‘z qarorlari ba'zan ko‘plab begunoh kishilar o‘limiga sabab bo‘lganini tan olgan. Ammo ishni optimallashtirish orqali tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lishi darajasi qisqartirilganini ham qayd etgan.

AQShning sobiq rahbari "muammo qurollarda emasligi, urushning kelib chiqish sabablarida ekani" haqida ta'kidlagan.

Top