08:56 / 27.05.2017
6389

Toshkentda Xalq diplomatiyasiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman tashkil etildi

2017 yil 26-27 may kunlari Toshkentda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 100 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining tutgan o‘rni va roli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda ilk bor xalq diplomatiyasi bilan bog‘liq masalalar qamrab olindi. 

Jahon hamjamiyatiga to‘laqonli va teng huquqli a'zo bo‘lmish mamlakatimizning dunyo xalqlari bilan o‘zaro aloqalarini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining o‘rni oshib bormoqda. Mazkur masalaning tarixiy ildizlari, ma'naviyati, o‘zaro do‘stlik, madaniy hamkorlik va boshqa shu kabi qirralari konferensiyada ilk bor ilmiy jihatdan tahlil etildi. Ushbu anjumanda respublika markazining qator ko‘zga ko‘ringan olimlari, tadqiqotchi va mutaxassislari, respublikada faoliyat ko‘rsatayogan milliy va madaniy markazlar rahbarlari, faollar, OAV vakillari hamda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi olimlari ham ishtirok etishdi. 

Anjumanda ko‘plab olimlar, jamoat tashkilotlari vakillari, yosh tadqiqotchilar ma'ruzalari tinglandi. Ma'ruzachilar o‘z chiqishlarida 2017-2021 yildagi O‘zbekistonning yanada rivojlantirish harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda respublikaning tinchliksevar tashqi siyosati tamoyillariga o‘z e'tiborini qaratishdi.

An'anaviy diplomatiyalardan farqli ravishda xalq diplomatiyasi boshqa xalqlar manfaati, madaniyati, o‘tmishiga tolerantlik va hurmat yuzasidan munosabat bildirib, o‘zaro madaniy hamkorlikka katta urg‘u beradi. Bu bilan esa xalqlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yanada rivoj topib, mustahkamlanaveradi.

Top