Sport | 22:26 / 28.05.2017
4792
2 daqiqa o‘qiladi

"Milan" mavsumdagi oxirgi o‘yinida "Kalyari"ga mag‘lub bo‘ldi

Italiya chempionatining so‘nggi 38-turida "Kalyari" o‘z maydonida "Milan"ni qabul qildi. "San-Eliya" maydonida o‘tgan uchrashuv mezbon jamoaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.     

"Kalyari" o‘yinchisi Joao Pedro 17-daqiqada jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. 63-daqiqada Karlos Bakka penaltini amalga oshirolmay, hisobni tenglashtirish imkoniyatini boy berdi. Biroq 9 daqiqadan keyin "Kalyari" darvozasiga yana penalti belgilandi va Janluka Lapadula uni bexato amalga oshirdi. 75-daqiqada "Milan" Gabriel Paletta ikkinchi sariq kartochkani olgandan so‘ng ozchilik bo‘lib qoldi. Mezbon jamoa qo‘shib berilgan vaqtning 3-daqiqasida Fabio Pizakane goli evaziga g‘alabani ilib ketdi. 

Shu tariqa "Milan" 63 ochko bilan chempionatni 6-o‘rinda yakunladi. 47 ochko to‘plagan Kalyari 11-o‘rinni egallamoqda, biroq undan keyin kelayotgan "Sassuolo" (46 ochko) va "Udineze"da (45 ochko) yana bittadan o‘yin bor. 

Italiya, A seriyasi. 38-tur

Kalyari – Milan – 2 : 1

Gollar: 1:0, Pedro (17); 1:1, Lapadula (72 (pen); 2:1, Pizakane (90+3).

Mavzuga oid