Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdulaziz Komilov TIVdagi kamchiliklarni sanadi, 7 elchi sustkashlik uchun vazifasidan ozod etilgan
Oliy Majlis yuqori palatasining 27 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Senat oldida hisobot berdi. U sustkash elchilar, mas'uliyatsiz rahbarlar va chet tilini yaxshi bilmaydigan elchixona xodimlarini TIVdagi kamchiliklar sifatida sanab o‘tgan.
«Milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirayotgan sa'y-harakatlariga qaramasdan, Tashqi ishlar vazirligi va chet ellardagi vakolatxonalarimizning xorijda mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha ishlarini yetarli, deb hisoblab bo‘lmaydi», degan Komilov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ishlar bo‘sh tashkil etilgani, rahbariyat topshiriqlari ijrosiga nisbatan faoliyatsizligi va sustkashligi uchun 7 nafar elchi vazifasidan ozod etildi. Xizmat vazifalarini bajarishdagi mas'uliyatsizligi uchun yil boshidan buyon Tashqi ishlar vazirining uch nafar o‘rinbosari va ikki nafar boshqarma boshlig‘i qat'iy hayfsan oldi.
U quyidagilarni O‘zbekistonning diplomatiya vakolatxonalari ishlaridagi asosiy kamchiliklar sifatida qayd etdi:
– jamoa boshqarilishining past darajasi va chet el sarmoyalarini jalb etish hamda tashqi bozorlarga eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifalarining bajarilishi yuzasidan xodimlarga nisbatan talabchanlikning yo‘qolgani;
– vakolatxona faoliyat ko‘rsatayotgan biznes doiralari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘llab-quvvatlash va kengaytirish bo‘yicha ishlarning qoniqarsizligi;
– vakolatxona faoliyat ko‘rsatayotgan davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat hamda iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanishi tamoyillari va sur'atlari, shuningdek, mamlakat tashqi iqtisodiy siyosati ustuvorliklarining samarali tahlil tizimi va doimiy monitoringi yo‘lga qo‘yilmagani. Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar chet el sarmoyalarini jalb etish va mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishning uddasidan chiqa olishmayotir. Asosiy sabab ularning kasbiy tayyorgarligi darajasi yetarli emasligi, xorijlik sheriklar bilan muzokaralar olib borishning amaliy tajribasi yetishmasligi, axborot-tahlil materiallarni tayyorlay olmasligi, hamda xorijiy tillarni bilish darajasining zaifligi hisoblanadi.
Mavzuga oid
09:00 / 22.05.2026
Abdulaziz Komilov Xorvatiya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
12:44 / 23.01.2026
Abdulaziz Komilov Tinchlik kengashiga qo‘shilish sabablarini izohladi
16:44 / 16.11.2025
“Yangi geosiyosiy mintaqa tug‘ildi” – Abdulaziz Komilov Ozarboyjonning formatga qo‘shilishi haqida
12:20 / 24.10.2025