Oliy Majlis Senatining 27 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hisobot berdi. Tashqi ishlar vazirligi (TIV) saytida vazirning Senatdagi nutqi matni to‘liq holda keltirilgan.
Vazir investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishda boshqa vazirlik va idoralar bilan «tizimli muammolar» borligidan norozilik bildirib o‘tgan.
«Tashqi ishlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan ishlarni muvofiqlashtirish bilan aloqador tizimli ahamiyatga molik bo‘lgan qator muammolarga duch kelmoqda. Ular orasida quyidagi hollarni alohida qayd etishni istar edim:
Birinchi, sarmoyalar jalb etish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralar o‘rtasidagi vazifalarda aniq va qat'iy taqsimot mavjud emas.
Ikkinchi, xorijiy vakolatxonalarimizdan kelib tushadigan chet ellik sheriklarning takliflari vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi asossiz ravishda cho‘zilishi.
Ko‘pgina tashabbuslar O‘zbekiston uchun yaqqol foydali ekanligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, ular lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmaydi yoki inkor etiladi. Odob-ahloq nuqtai nazaridan, xorijlik sheriklarning murojaatlariga munosabat bildirmaslik mumkin emas — hatto ularning takliflari bizda qiziqish uyg‘otmasa ham.
Uchinchi, loyiha hujjatlari, ularning texnik-iqtisodiy asoslanganligi va sarmoyaviy takliflarning puxta tayyorlanmasligi. O‘zbekiston tarmoq idoralari va kompaniyalarining sarmoyaviy loyihalari hamda takliflarining sifatini ko‘pgina xorijlik ekspertlar «bo‘sh» yoki «xalqaro andozalarga javob bermaydi» deb baholashadi. Ularda marketing tadqiqotlari natijalari, taklif etilayotgan loyihalar istiqbolligi asoslanishi, ularning afzalligi va iqtisodiy samaradorligiga doir ma'lumotlar bo‘lmaydi – umum qabul qilingan oddiy talablar – pochta manzili, telefon va faks raqami, elektron pochta manzilini yozishni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mutlaqo ko‘rsatilmaydi», degan vazir.
Uning aytishicha, valyuta konvertatsiyasi va investorlar huquqlarining zaif himoyasi chet ellik biznesmenlarni O‘zbekistondan qochirmoqda. Iqtisodiyotga xorijiy mablag‘larni jalb etishda davom etib kelayotgan past ko‘rsatkichning sabablarini aniqlash maqsadida TIV O‘zbekistonda ishlash tajribasiga ega xorijiy sarmoyadorlar, biznesmenlar va moliya tashkilotlarining ekspertlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan. Ular O‘zbekistonga sarmoya oqimini to‘xtatib qo‘yayotgan qator omil va sharoitlarning ba'zilari sifatida quyidagilarni sanab o‘tgan:

















