Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2017 yilda 170 ta yangi ishlab chiqarish obekti ishga tushiriladi
30 may kuni Toshkent shahrida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2017 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz hududlariga tashriflari davomida ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilish va baholash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqida O‘zA xabar berdi.
Unda bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek, videokonferensiya orqali Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazida tashkil etilgan studiyalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari, korxonalar rahbarlari, tadbirkor va investorlar qatnashishdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi.
Davlatimiz rahbari investitsiyalar hajmini izchil ko‘paytirib borish, zamonaviy ishlab chiqarish obektlarini ishga tushirish mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, muhim ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish, eng asosiysi, aholining hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashning hal qiluvchi omili ekanini ta'kidladi.
2017 yilgi Investitsiya dasturiga umumiy qiymati 50 milliard AQSh dollariga teng 545 investitsiya loyihasi kiritilgan bo‘lib, yil davomida 7,3 milliard dollarlik sarmoyalarni o‘zlashtirish belgilangan.
Shuningdek, 2017 yilda umumiy qiymati 2,4 milliard dollarga teng bo‘lgan 170 yangi ishlab chiqarish obektini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida umumiy qiymati 73,5 million dollarlik 9 loyihani amalga oshirish ishlari yakunlangani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, Investitsiya dasturiga kirmagan, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tumanlariga tashriflari davomida ishlab chiqilgan, hududlar miqyosida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 19 trillion 300 milliard so‘mlik mingdan ziyod yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, bugungi kunda ularning 39 tasi bo‘yicha obektlar ishga tushirilgani ta'kidlandi.
Mavzuga oid
17:49 / 24.04.2026
«Go‘sht va kartoshkadan hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak» – prezident
16:59 / 24.04.2026
13 ta tuman hokimiga intizomiy chora ko‘riladi
16:21 / 24.04.2026
Prezident qator hokimlarni tanqid qildi
07:35 / 04.04.2026