Jahon | 00:07 / 30.05.2017
8200
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada tinchlik jarayonini tiklash borasida Tramp ma'muriyatining rejalari

Foto: Reuters

Shu yilning mart oyida Oq uyning Ovalsimon kabinetida prezident Tramp Germaniya kansleri Angela Markelga Ukraina tangligi Yevropa mas'uliyat doirasiga kirishi, Qo‘shma Shtatlar unga qattiq berilmasligini aytib o‘tgan edi. Biroq, oradan ikki oy o‘tmasdan Tramp ma'muriyati o‘z fikrini o‘zgartirib, Ukraina bilan bog‘liq ishlarda o‘zining aralashuvini muhim shaklda faollashtirishni rejalashtirmoqda.

Parda ortidagi muzokaralarga rahbarlik qilayotgan Davlat kotibi Reks Tillerson uchun Ukraina — bu Amerika-Rossiya munosabatlarining yaxshilanishiga doir Trampning hozircha muzlatib quyilgan rejasini harakatga keltiriladigan joy bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hozircha dastlabki bosqichda to‘xtab turgan Tillersonning g‘oyasi shundan iboratki, o‘tgan yili Obama ma'muriyati aralashgan tinch muzokaralar yo‘lini qayta tiklash lozim, hamda yangi sharoitlar va yangi qatnashuvchi shaxslar yaxshiroq natijalarga erisha olishiga umid qilinmoqda. Bu haqda amerikalik rasmiy shaxslar va tashqi tahlilchilar gapirmoqda.

Ma'muriyatning aksariyat xodimlari ichida istehzoli, shubhali fikrlar keng tarqalgan, ularning fikricha, mamlakat ichida hukm surayotgan, Rossiyaning Amerikadagi siyosiy hayotga aralashuvini surishtirish muhim o‘rin tutayotgan siyosiy iqlim sharoitida Rossiya bilan munosabatlarni qayta avj oldirishga bo‘lgan har qanday urinish befoyda hisoblanadi. Biroq Tramp va Tillersonning kayfiyati qat'iyatga yo‘g‘rilgan va ular shunday urinishni amalga oshirish niyatida.

O‘z navbatida, yevropalik rasmiy shaxslar bunday sa'y-harakatlarni olqishlashmoqda. «Biz yangi ma'muriyatning Ukraina masalasiga chuqurroq yondashishi mumkinligini yuqori baholaymiz. Avvaliga yangi ma'muriyatga bu masalaning qizig‘i yo‘qdek tuyulgandi. Biroq, vaziyat keskin o‘zgarganga o‘xshaydi», — dedi 17 may kuni Tillerson bilan uchrashgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel «The Washington Post» nashri muxbiriga.

Germaniya va Fransiya Normand formati deb ataluvchi, 2015 yil Minskda qabul qilingan, biroq hozir birinchi navbatda Rossiya tomonidan qo‘llab kelinayotgan kuchlar tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitim buzilgani, shuningdek, Ukrainadagi siyosiy jarayonda siljish kuzatilmayotgani bois depsinib qolgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun mas'ul muzokara guruhi a'zosi hisoblanadi. Ular Amerika Qo‘shma Shtatlari vaziyatni boshi berk ko‘chadan chiqara olishiga ishonishmoqda.

«Agar amerikaliklar ham bortda bo‘lsa va ruslarni o‘t ochishni to‘xtatish hamda og‘ir qurollarni ushbu hududdan olib chiqib ketish uchun ko‘proq narsalarga majburlay olsagina Rossiya biror jo‘yali qadam bosishi mumkinligini bilib turibmiz, — deya qayd etdi Gabriel. — Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakati AQShning Rossiya bilan boshqa sohalarda ham hamkorlik qilishni boshlashi uchun dastlabki shartlardan biri hisoblanishini ruslar ham bilib turibdi». 10 may kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Ukraina TIV rahbari Pavel Klimkin bilan muzokaralar o‘tkazgach, Trampning pozitsiyasida siljish ro‘y berdi. «Men ularga, bolalar, sizlar yarashib olishlaringiz kerak, yarashishlaringiz kerak, dedim», — degandi keyinroq Tramp «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida.

Garchi Oq uy va davlat departamenti sharhlashdan voz kechishgan esa-da, Amerika rasmiy shaxslari va boshqa kuzatuvchilar Tillerson bu masalada oldinga siljish kuzatilishi uchun Lavrov bilan ko‘plab muzokaralar o‘tkazgan. Bundan tashqari, ishlab chiqishda vitse-prezident Pensning apparati ham ishtirok etayotgan yangi strategiya borasida idoralararo faol jarayon ketayotganini qayd etish mumkin. Tillerson Davlat departamentida ushbu jarayonga rahbarlik qiluvchi va Ukraina tomonidan yangi sa'y-harakatlarni boshqaruvchi maxsus vakil bo‘lishini istaydi. Bu yangi vakil Kremlning «ko‘hna kardinali» sifatida mashhur Vladislav Surkov bilan birgalikda Amerika-Rossiya diplomatik aloqa kanalini yanada jonlantirgan bo‘lar edi. Prezident Obama ma'muriyatining Davlat kotibi yordamchisi Viktoriya Nuland alal-oqibatda bu kanal yordamida biror muvaffaqiyatga erisha olmagan edi.

Rasmiy shaxslarning so‘zlariga ko‘ra, bugun vaziyat shundayki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShda hokimiyat tepasiga rusparvar ma'muriyat kelishini kutishga ortiq toqat qila olmaydi. Boz ustiga, Fransiya va Germaniya hukumatlarining munosabatlari ham yaqin orada Rossiya uchun do‘stona bo‘lmaydi.

AQSh prezidenti Donald Tramp va GFR kansleri Angela Merkel
© AFP 2017, Saul Loeb

Biroq hammasini Trampning Rossiya bilan bog‘liq mojarolari ortidan kelib chiqqan ichki siyosiy muammolari murakkablashtirmoqda. Kongress eskilarini bekor qilmasdan turib, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishni xohlamoqda. Har ikki partiya vakillaridan iborat qonunshunoslar Trampning Moskva bilan bog‘liq har qanday bitimiga shubha bilan qarashadi.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Hyorbst (John Herbst) ning aytishicha, Putinni  murosaga keltirish va unga bosim o‘tkazish uchun Tramp yangi sanksiyalar tahdididan va hattoki ularni chindan ham joriy etishdan foydalanishi mumkin.

«Yerdagi sharoitlarni o‘zgartirmasdan turib, diplomatik qadamlar muvaffaqiyatga olib kelishiga ishonish qiyin», — degan u.

Detallar ham ahamiyatga ega. Pentagon va NATOning sobiq yuqori martabali xodimi Aleksandr Vershbouning so‘zlariga ko‘ra, agar Tramp jamoasi yangi yondashuvni ishlab chiqsa bunday bitimni tuzish mumkin. Yangicha yondashuvga ko‘ra, cheklangan sanksiyalar Rossiya tomonidan Sharqiy Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va og‘ir qurollarni olib chiqib ketish bilan bog‘liq shartlarni bajarilsagina qo‘llanilishi lozim. «Voqealarning bunday rivoj olish ehtimoli katta emas, — dedi u. — Biroq Tramp uchun o‘z tanqidchilarini qurolsizlantirishning eng yaxshi usuli — kutishni rad etib, ruslarni sharqiy Ukrainadan chiqib ketishi uchun asos bo‘luvchi yangi bitimni tuzib chiqishdir».

Agar Tramp jamoasi Moskva bilan bitimga erishish uchun qo‘lidan keladigan barcha narsani qilmasa va muvaffaqiyatsizlikka duchor bo‘lsa, bu holatda Vladimir Putinning asl maqsadlari oshkor bo‘ladi. Bu holatda prezident ma'muriyatida Rossiya agressiyasiga qarshi faol qarshi turish, Ukraina hukumatini hattoki harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdan boshqa iloj qolmaydi, shuningdek, Rossiya bilan yana bir bor munosabatlarni qayta avj oldirish g‘oyasidan voz kechishga to‘g‘ri keladi.

Josh Rogin, The Washington Post

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid