Jahon | 17:00 / 01.06.2017
13148
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston Kobul teraktini IShID sodir etganiga ishonmadi va hibsdagi 11 jangari qatl etildi

Foto: AP

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Kobulda 31 may kuni sodir etilgan va 90 kishini hayotdan olib ketgan teraktdan so‘ng «Tolibon» va «Haqqoniy tarmog‘i» harakatlari vakillari bo‘lgan 11 jangarini qatl etishga farmon berdi va hukm ijro etildi. Bu haqda Tolo News xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, davlat rahbari farmoni bilan qatl etilgan jangarilar orasida dala qo‘mondonlari ham bor. Lekin o‘limga hukm qilinganlar orasida «Haqqoniy tarmog‘i» rahbari Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li Anas Haqqoniy hamda ukasi Sirojiddin Haqqoniy nomlari yo‘q.

Bundan tashqari, hukumat kuchlari mamlakat sharqida 6 nafar xudkush-terrorchini qo‘lga olgan. Bu jangarilar «Haqqoniy tarmog‘i» a'zolari ekani aytilgan.

31 may kunining birinchi yarmida Kobul shahrining xorijiy elchixonalar joylashgan tumanida bombalar o‘rnatilgan avtosisterna portlatildi. Natijada 90 kishi halok bo‘lib, 380 kishi jarohatlandi. Portlash uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgandi, ammo Afg‘oniston ushbu terakt «Haqqoniy tarmog‘i» tomonidan sodir etilgani haqida ma'lum qildi.

«Haqqoniy tarmog‘i» Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyati hududida harakatlanadi va Afg‘oniston hukumatiga qarshi kurashadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid