09:05 / 02.06.2017
12459

“Yashillar” uchun “qora” kun: AQSh iqlim bo‘yicha kelishuvdan nega chiqdi?

Foto: AFP 2017 / Saul Loeb

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni mamlakat iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi haqida ma'lum qildi. U 2015 yilda imzolangan bo‘lib, bu sohada dunyodagi eng keng ko‘lamli bitim sanaladi. Ko‘pchilik tahlilchilar ushbu kelishuvni “insoniyatning kelajagi” deb atashgandi.

Tramp o‘z qaroriga izoh berarkan, kelishuv AQShga nisbatan “juda adolatsiz” bo‘lganini, iqtisodiy manfaatlarga zarar keltirishi mumkinligini hamda Hindiston va Xitoy kabi boshqa davlatlarni yanada boyishga xizmat qilishini ta'kidlab o‘tdi. Prezident Parij kelishuvi o‘rniga yangi kelishuvni imzolash taklifini berdi, bu, uning so‘zlariga ko‘ra, jahonning birinchi iqtisodiyoti uchun ancha adolatliroq bo‘lardi.

Davlat rahbarining qarori kutilmagan bo‘lmadi, garchi kelishuvning ba'zi ishtirokchilari Tramp bunday radikal qadam qo‘yishini sira kutishmagandi. Matbuotda esa AQSh ma'muriyati shunday qarorni bir necha kun avval qabul qilib bo‘lgani haqida ma'lumotlar sizib chiqdi. 

Shu tariqa, Tramp o‘zining saylovoldi va'dalaridan eng kattasini bajardi va avvalgi prezident Barak Obamaning “merosi”ga kuchli zarba berdi. Aynan Obama tufayli Parij kelishuvi imzolangandi.

"Adolatsiz kelishuv"

Tramp Oq uydagi Pushti rangli bog‘da chiqish qilishi kerak edi. Taklif etilgan mehmonlar va jurnalistlar uni yarim soat kutishganidan so‘ng, quyosh nurlaridan saqlanishga joy qidirib qolishdi.

Shundan keyin vitse-prezident Mayk Pens paydo bo‘lib, Tramp kelayotgani haqida ma'lum qildi va prezident uchun “Amerika har doim birinchi o‘rinda turishini” eslatib o‘tdi. Shunisi qiziqki, Obama paytida davlatning ikkinchi shaxsi birinchisining konferansesi rolida chiqmasdi. Biroq bu safargi holat alohida tanishtiruvni talab qildi.

Bir necha daqiqadan so‘ng Tramp paydo bo‘ldi. U ikki og‘iz so‘z bilan Filippindagi hodisa haqida to‘xtalib o‘tdi, AQShning so‘nggi iqtisodiy va tashqi siyosiy muvaffaqiyatlari haqida fikr bildirdi, shundan so‘ng asosiy masalaga o‘tdi.

"Biz iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqmoqdamiz, biroq yana qayta kirish yoxud Amerika biznesi, ishchilari, odamlari va soliq to‘lovchilari uchun adolatli shartlardagi boshqa kelishuv haqida muzokaralar boshlaymiz", - dedi prezident.

"Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi – bu Vashington AQShni yomon ahvolga solib qo‘yadigan va boshqa davlatlar uchun yaxshi manfaatlar paydo qiladigan kelishuvni so‘nggi bor imzolashi edi", - deya ta'kidlab o‘tdi Tramp. Uning qayd etishicha, "Parij kelishuvi AQShga nisbatan juda adolatsiz".

Shu bilan birga, u “Parijni emas, balki Pittsburg fuqarolari manfaatini himoya qilish uchun saylanganini” ham eslatib o‘tdi.

Prezident hujjatni amalga oshirishdan manfaat ko‘radigan davlatlar orasidan Hindiston va Xitoyni alohida tilga olib o‘tgan.

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, AQSh kelishuvda ishtirok etishda davom etganida 2025 yilga kelib 2,7 million ish o‘rnini yo‘qotishi mumkin edi. Bundan tashqari, uning aytishicha, 2040 yilga kelib mamlakat sanoatining alohida sohalari zarari 12 foizdan 86 foizga qadarni tashkil etardi. U bu davrdagi YaIM zararini 3 trillion dollarga baholadi.

"Kelishuvdan chiqish AQSh suverenitetiga kelajakdagi ehtimoliy suiqasdlardan, juda ko‘plab huquqiy majburiyatlardan himoya qiladi", - dedi Tramp.

Shuningdek, u BMT ko‘magida tashkil etilgan “Yashil iqlim fondi” (Green Climate Fund)ni tanqid qilib, “u milliardlab dollarni yig‘ishi va hech kim pullar qayerga ketayotganini bilmasligini” aytib o‘tdi.

"Do‘stona siyosat"

Shu bilan birga, Trampning ishontirishicha, AQSh atrof-muhitni himoya qilish dasturini amalga oshirishda davom etadi, biroq, u boradagi aniq harakatlarga oydinlik kiritmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “atrof-muhit, bizning kompaniyalar, fuqarolarimiz va mamlakatimizni himoya qiluvchi yangi kelishuv ustida ish boshlash” vaqt kelgan. Ammo u yangi kelishuv qanday bo‘lishi, uni imzolash bo‘yicha ishlar kim bilan va qachon olib borilishi haqida lom-lim demadi. Keyinchalik Oq uy vakillari ham bunga izoh bera olishmadi.

"Men AQSh atrof-muhitni himoya qilish bo‘yicha jahon yetakchisi maqomida qolishi uchun ishlayman... Tramp ma'muriyati paytidagi AQSh dunyodagi eng toza va atrof-muhitga juda do‘stona munosabatda bo‘lgan mamlakat bo‘lib qoladi", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u. Ta'kidlanishicha, shu bilan birga, “tezkor iqtisodiy o‘sish” ham ta'minlanadi.

"Kelajakni rad etish"

Parij kelishuvi mualliflaridan biri – Barak Obama bu hodisaga tezkorlik bilan o‘z munosabatini bildirdi. 

"Hattoki bu ma'muriyat (Trampning – tah.) kelajakni rad etuvchi kam sonli davlatlar ichiga qo‘shilgan bo‘lsa ham, mening ishonchim komilki, mamlakatlarimiz, shaharlarimiz va korxonalar faollashadi hamda yagona sayyorani kelajak avlodlar uchun saqlab qolishda jonbozlik ko‘rsatishadi", - degan sobiq davlat rahbari o‘z bayonotida.

Obamaning ta'kidlashicha, Parij kelishuvi “korxonalar, olimlar, muhandislar uchun yuqori texnologiyali va past uglerodli sarmoyalar hamda innovatsiyalar salohiyatini juda katta ko‘lamda ochib berdi”.

Yevropa ittifoqi ham bu borada darhol bayonot bilan chiqdi. Xususan, energetika va iqlim bo‘yicha yevrokomissar Migel Arias Kanete yuz bergan holatdan “chuqur afsusda” ekanini ma'lum qildi.

"Yevropa ittifoqi bunday bir tomonlama qarordan chuqur afsusda", - deya yozdi u o‘z Twitter’ida.

"Parij kelishuvi hurmat qilinishi lozim. Bu kelishuv tirik, hamda biz u bo‘yicha ishlashda davom etamiz – bu AQSh ma'muriyati unda ishtirok etishi yoki etmasligidan qat'i nazar ro‘y beradi", - deya ma'lum qildi Yevroparlament rahbari Antonio Tayani.

Germaniya federal kansleri Angela Merkel Trampning chiqishidan so‘ng darhol AQSh prezidentiga qo‘ng‘iroq qilgan va Vashingtonning iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqish haqidagi qaroridan afsusdan ekanini bildirgan.

"Kantsler Merkel telefon orqali Trampga uning qaroridan afsusda ekanini bildirdi. U Germaniya Parij kelishuvi tarafdori bo‘lib qolishini tasdiqladi", - deya xabar berdi Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Zaybert Twitter’da.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, har ikki mamlakat “iqlim bo‘yicha kelishuvning muvaffaqiyatli amalga oshishi bo‘yicha bo‘lajak tashabbuslarni o‘z gardanlariga olishga” kelishib olishgan.

Reyter agentligining o‘z manbalariga asosan xabar qilishicha, Fransiya prezidenti Makron ham Tramp bilan telefon orqali suhbatlashgan. Xabarga ko‘ra, Fransiya rahbari uning davlati va AQSh hamkorlikda davom etishi, biroq bu iqlim sohasida bo‘lmasligini ma'lum qilgan.

Yirik biznes vakillaridan ba'zilari ham o‘z fikrlarini bildirgan. Masalan, Tesla Motors va SpaceX kompaniyalari rahbari amerikalik Ilon Maskning xabar berishicha, AQSh ma'muriyatidagi kengashlarda endi maslahatchi bo‘lib ishlamaydi.

"Men prezidentlik kengashlarini tark etaman. Iqlimning o‘zgarishi – bu haqiqat. Parij kelishuvidan chiqish – Amerika va dunyo uchun yomondir", - deya yozdi Mask Twitter’da. Tadbirkor AQSh ma'muriyati qoshidagi bir necha maslahat kengashlari tarkibiga kiradi. Xususan, u iqtisodiyot bo‘yicha ekspertlik kengashi ishida ishtirok etadi.

Parij kelishuvi

Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi – 2015 yilning dekabrida Parijda 194 davlat tomonidan imzolangan ilk global iqlim kelishuvidir. U global isishni “ushlab turish” bo‘yicha xatti-harakatlar jahon rejasini aniqlashtiradi. U qazib olinuvchi yoqilg‘idan voz kechish va karbonat angidrid gazini chiqarib tashlashni cheklashni nazarda tutmaydi. Biroq barcha tomonlar chiqarib tashlanayotgan moddalar hajmini kamaytirish, texnologik jihatdan qayta jihozlanish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha choralar ko‘rishi lozim. AQSh ayni damda sanoatda havoga chiqarib tashlanadigan moddalar hajmi bo‘yicha jahon yetakchisi sanaladi.

Top